O‘zbekistonda qanday avtomobil ommalashmoqda: statistika

12-avgust 2026 16:27 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
O‘zbekistonda avtomobil savdosi 3,6 foizga kamaydi, Xitoy brendlari ulushi oshdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

2026-yilning yanvar – iyul oylarida O‘zbekistonda 210 837 dona avtomobil sotildi. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 7 940 dona yoki 3,6% kam. Avtomobil bozoridagi yillik pasayish ketma-ket to‘rtinchi oy davom etmoqda, deya ma’lum qildi O‘zbekiston avtomobil biznesi assosiatsiyasi «Kursiv» nashriga.

Iyul oyining o‘zida mamlakatda 31 324 dona avtomobil sotildi. Bu iyun oyiga nisbatan 4,7% ko‘p bo‘lsa-da, 2025-yil iyulidagi natijadan qariyb 30% past.

Umumiy savdo hajmi qisqarayotgan bir paytda bozor tarkibida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, UzAuto Motors’ning ulushi kamayib, Xitoy avtomobil brendlari bozordagi mavqeyini mustahkamlamoqda.

UzAuto Motors ulushi 74,6% gacha tushdi

2025-yilning yanvar – iyul oylarida UzAuto Motors O‘zbekiston avtomobil bozorining 81,5 foizini egallagan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida kompaniya ulushi 74,6% gacha kamaydi.

ADMning bozor ulushi esa aksincha 11,3% dan 12,8% gacha oshdi. Kompaniya portfelidagi Kia ulushi bir yil ichida 0,7 foiz punktga, Haval 0,5 foiz punktga va Changan 0,3 foiz punktga ko‘paydi.

Bozordagi eng sezilarli o‘sishlardan biri BYD’da qayd etildi. Xitoy brendining ulushi bir yil ichida deyarli ikki baravar oshib, 5,6% dan 10% gacha yetdi.

Natijada Xitoy avtomobil brendlarining O‘zbekiston bozoridagi umumiy ulushi yanvar – iyul yakunlariga ko‘ra 17,8% ni tashkil etdi. Bir yil avval ushbu ko‘rsatkich 11,6% edi.

Manba: O‘zbekiston avtomobil biznesi assosatsiyasi

Iyulda Kia va BYD mavqeini kuchaytirdi

Oylik dinamika ham bozordagi nisbatlarning o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Iyul oyida iyunga nisbatan Kia va BYD bozor ulushini 1,8 foiz punktdan oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Havalning ulushi esa 0,4 foiz punktga ko‘paydi.

Shu davrda Chevroletning bozor ulushi 3,6 foiz punktga, Cheryniki esa 0,9 foiz punktga kamaydi. Shunday qilib, iyul oyida ham bozordagi raqobat kuchayib, ayrim import va mahalliylashtirilgan xorijiy brendlar o‘z pozitsiyasini yaxshiladi.

Sedanlar savdosi sezilarli qisqardi

2026-yil avtomobil bozoridagi asosiy tendensiyalardan biri B-segment sedanlariga talabning kamayishi bo‘ldi.

Yanvar – iyul oylarida ushbu segmentda 70 mingdan ortiq avtomobil sotildi. 2025-yilning mos davrida esa ko‘rsatkich 87 ming donaga yaqin bo‘lgan.

Natijada B-segment sedanlarining umumiy avtomobil bozoridagi ulushi bir yil ichida 40% dan 34% gacha kamaydi.

Yengil tijorat avtomobillari – LCV segmentida ham pasayish qayd etildi. Yetti oyda 62,8 ming dona shunday avtomobil sotildi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 69,5 ming dona edi. Natijada segmentdagi savdo hajmi 9,6% ga qisqardi.

Manba: O‘zbekiston avtomobil biznesi assosatsiyasi

Xaridorlar ixcham krossoverlarga o‘tmoqda

Sedanlar va yengil tijorat avtomobillari savdosi qisqarayotgan bir paytda B-SUV segmentidagi ixcham krossoverlarga talab oshmoqda.

2026-yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekistonda 47,9 ming dona B-SUV sotildi. O‘tgan yilning shu davrida savdo hajmi 37,7 ming donani tashkil etgan edi.

Natijada ushbu segmentning avtomobil bozoridagi ulushi 5,5 foiz punktga oshib, 22,7% ga yetdi.

Bu ko‘rsatkichlar xaridorlarning an’anaviy B-segment sedanlaridan ixcham krossoverlarga asta-sekin o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston avtomobil bozori tarkiban o‘zgarmoqda

2026-yilning yetti oylik natijalari O‘zbekiston avtomobil bozorida umumiy savdo hajmi pasayayotgan bo‘lsa-da, uning tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rsatmoqda.

UzAuto Motors bozorda yetakchiligini saqlab qolmoqda, biroq uning ulushi qisqarayotgan bir paytda Xitoy brendlari, ayniqsa BYD, o‘z mavqeyini sezilarli darajada kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, xaridorlar orasida sedanlarga nisbatan krossoverlarga talab tezroq o‘smoqda.

Avvalroq «Kursiv» Cobalt savdolari pasaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek