Xitoylik fermer SI maslahatiga ishonib, 10 gektar kunjut hosilidan ayrildi

Xitoyning Anxoy provinsiyasida 67 yoshli fermer sun’iy intellekt tavsiyasiga amal qilishi oqibatida 10 gektarlik kunjut maydonidan ayrildi. Fermer ekinlarni begona o‘t va zararkunandalardan himoya qilish uchun chat-botdan maslahat olgan.
Dastlabki tavsiyalar fermer ishonchini qozongan
Chuchjou okrugida yashovchi Vu qariyb bir yil avval qishloq xo‘jaligi masalalarida sun’iy intellektdan foydalanishni boshlagan. Dastlab u chat-bot tavsiyalariga ehtiyotkorlik bilan yondashgan.
Biroq ayrim maslahatlar foydali natija bergach, fermer sun’iy intellekt tavsiyalariga ko‘proq ishona boshlagan.
Bir nechta kimyoviy vositani aralashtirish tavsiya qilingan
Keyinchalik Vu kunjut dalasidagi begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha sun’iy intellektdan maslahat so‘ragan.
Chat-bot unga bir nechta kimyoviy vositani aralashtirib, ekinlarga sepishni tavsiya qilgan. Fermer esa tavsiyani agronom bilan maslahatlashmasdan yoki boshqa manbalar orqali tekshirmasdan qo‘llagan.
Aralashma sepilganidan bir kun o‘tib, nafaqat begona o‘tlar, balki kunjut nihollari ham ommaviy ravishda qurib qolgan.
Mutaxassislar preparat noto‘g‘ri qo‘llanganini aytdi
Qishloq xo‘jaligi mutaxassislarining ta’kidlashicha, tavsiya qilingan vositalardan biri, asosan, soya ekinlaridagi keng bargli begona o‘tlarga qarshi ishlatiladi.
Bunday preparatni butun maydonga sepish emas, balki muammo mavjud bo‘lgan joylarga mahalliy tarzda qo‘llash kerak bo‘lgan.
Fermer nima sababdan ekinlar nobud bo‘lganini yana sun’iy intellektdan so‘raganida, chat-bot ehtimoliy sabablar qatorida kimyoviy vositalardan birini ko‘rsatgan.
Sun’iy intellekt javoblarini tekshirish kerak
Vuning aytishicha, dastlabki tavsiyada kimyoviy aralashmadan foydalanishning ehtimoliy xavflari haqida yetarlicha ogohlantirish bo‘lmagan.
Shu bilan birga, foydalanilgan sun’iy intellekt chat-boti foydalanuvchilarni uning javoblari xato bo‘lishi mumkinligi va muhim ma’lumotlarni tekshirish zarurligi haqida ogohlantiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta dasturchilar uchun arzon SI-agentini chiqargani haqida yozgandi.