Investorlar uchun soliq imtiyozlari 2038-yilgacha uzaytirilishi kutilmoqda

Oʻzbekistonda dividendlar va obligatsiyalar boʻyicha foizlarga berilgan amaldagi soliq imtiyozlari muddatini 2038-yilgacha uzaytirish taklif qilinmoqda. Regulyator investorlarga uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlash uchun ushbu muddatni uzaytirishni zarur deb hisoblaydi. Bu haqda 12-avgust kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida ILMA boshqarma boshligʻi Saulat Toreshov maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Aksiyalar va dividendlar boʻyicha imtiyozlarni saqlab qolish
Uning taʼkidlashicha, imtiyozlar paketi ham anʼanaviy aksiyalarni, ham mutlaqo yangi instrumentlarni (sukuk va sekuritizatsiyalangan obligatsiyalar) qamrab oladi.
«2028-yilgacha soliq imtiyozlari berilgan, xabaringlar bor. Buni biz yana qayta koʻrdik, imtiyozlarni qoʻshimcha uzaytirishni nazarda tutdik. Yaʼni, 2038-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy hamda yuridik shaxslarning xoʻjalik jamiyatlari obligatsiyalari, shu jumladan chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalar boʻyicha foizlar va ular boʻyicha ijobiy kurs farqlari daromadlari, shuningdek, sukuk qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlarni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻidan ozod etish nazarda tutilmoqda», — dedi Saulat Toreshov.
Yana Oʻzbekiston rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslarning aksiyalar boʻyicha dividend shaklidagi daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan (JSHODS) toʻliq ozod qilish boʻyicha 2028-yil 31-dekabrgacha belgilangan amaldagi imtiyoz muddatini yana 10 yilga uzaytirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston korxonalaridan dividend oluvchi norezident yuridik shaxslar uchun aksiyalar boʻyicha foyda soligʻining pasaytirilgan 5 foizlik stavkasini (rezidentlar bilan bir qatorda) saqlab qolish va uni 2038-yilgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda.
Regulyator motivatsiyasi va xalqaro tajriba
Spikerning qayd etishicha, ushbu imtiyozlar muddatli institutsional va xususiy investorlarni kapital bozoriga jalb etishda muhim ragʻbatlantiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.
«Xalqaro tajribaga toʻxtaladigan boʻlsak, soliq imtiyozlari bu kapital bozorini rivojlantirishning eng taʼsirchan vositalaridan biri sifatida tan olingan. Mazkur imtiyozlarning uzoq muddatga, yaʼni 2038-yilgacha belgilanishi investorlar uchun kapital bozori vositalarining jozibadorligini oshirish va investitsiya qarorlarini qabul qilishda barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi», — deb taʼkidladi agentlik vakili.
ILMA taqdimotiga koʻra, komplekt ragʻbatlantirish choralarining joriy etilishi Oʻzbekiston fond bozoriga jalb qilinadigan investitsiyalar hajmini 2026-yildagi 10 trillion soʻmdan 2030-yilga borib 20 trillion soʻmgacha oshirish imkonini beradi.
Agentlik taqdimot materiallarida nazarda tutilgan boshqa soliq imtiyozlari:
- Investitsiya fondlari tomonidan olinadigan daromadlarni dividend soligʻidan ozod qilish;
- Qoplangan obligatsiyalar boʻyicha emitent bank va maxsus kompaniya (SPV) oʻrtasida ajratilgan aktivlar pulini sotish va sotib olish operatsiyalarini soliqqa tortmaslik;
- Norezidentlarning omnibus hisobvaraqlari orqali mulkdor oʻzgarmagan holda amalga oshirilgan oʻtkazmalariga soliq majburiyatlarini yuklamaslik;
- Sukuk chiqarishda originator va maxsus moliyaviy kompaniya (SPV) oʻrtasida amalga oshiriladigan mol-mulk, tovar va xizmatlar realizatsiyasini aylanmadan olinadigan soliqdan ozod etish.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda investorlarni toifalarga boʻlish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.