Namanganda 577 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar topildi

Namangan shahrida qiymati 577 mln 381 ming so‘mlik, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
13 mingdan ortiq dori vositasi olib qo‘yildi
Tadbir davomida Namangan shahridagi uylardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruvda 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro kelgusida sotish maqsadida dori vositalarini sanitariya talablariga zid sharoitda saqlab kelayotgani aniqlangani aytilmoqda.
Uydan tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan hamda sifati kafolatlanmagan 56 turdagi jami 13 184 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Ular orasida «Sefotaksim», «Bifidumbakterin», «Atropin», «Tidomet Forte» hamda boshqa turdagi preparatlar bor.
Baholash xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan dori vositalarining umumiy qiymati 577 mln 381 ming so‘mni tashkil qilgan.
Dorilar qo‘shni davlatdan noqonuniy olib kirilgani aytilmoqda
Tezkor tadbir davomida aniqlanishicha, «yashirin ombor»da saqlangan dori vositalari O‘zbekistonga qo‘shni respublika hududidan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘onada kadastr filiali rahbariga jinoyat ishi ochilgani haqida yozgan edi.