Chevrolet Equinox elektromobili uchun chegirma e’lon qilindi

13-avgust 2026 08:09 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Equinox elektromobili uchun chegirma e’lon qilindi
Foto: Chevrolet

Chevrolet AQShda 2026-yilgi Chevrolet Equinox elektromobili uchun avgust oyiga mo‘ljallangan yangi chegirma, imtiyozli kredit va lizing dasturlarini e’lon qildi. Takliflar 2026-yil 31-avgustgacha amal qiladi, deb yozmoqda GM Authority.

Kompaniya ayrim komplektatsiyalarni xarid qiluvchilarga $1 ming miqdorida chegirma taklif qilmoqda. Bundan tashqari, avtomobilni GM Financial orqali yillik 2,9% stavkada 36 oyga moliyalashtirish imkoniyati mavjud.

Equinox EV uchun lizing oyiga $539 dan boshlanadi

Chevrolet 2026-yilgi Equinox EV LT 2 FWD versiyasi uchun AQSh bo‘ylab maxsus lizing dasturini ham taklif qilmoqda.

Foto: Chevrolet

Dastur bo‘yicha avtomobilni 39 oy muddatga oyiga $539 dan lizingga olish mumkin. Yillik yurish chegarasi 10 ming mil etib belgilangan. 2021-yil yoki undan yangi avtomobilni lizing asosida ishlatayotgan mijozlar uchun shartnoma tuzishda $5 659 to‘lash talab qilinadi.

GM xodimlari va imtiyozga ega oila a’zolari uchun shu modelning yana bir lizing varianti mavjud. Ular 39 oy davomida oyiga $639 to‘laydi, boshlang‘ich to‘lov esa $2 729ni tashkil etadi.

Har ikkala holatda ham garov depoziti talab qilinmaydi.

Model narxi $36,8 mingdan boshlanadi

2026-yilgi Chevrolet Equinox EV AQSh bozorida uchta asosiy komplektatsiyada taklif etilmoqda.

Boshlang‘ich LT 1 versiyasining tavsiya qilingan narxi $36 795, LT 2 – $43 595, RS esa $45 895 dan boshlanadi. Ushbu narxlarga $1 800 miqdoridagi yetkazib berish xarajati ham kiritilgan.

$1 minglik naqd chegirma LT 1 versiyasidan tashqari 2026-yilgi Equinox EV modellariga tatbiq etiladi.

Foto: Chevrolet

300 ot kuchigacha quvvat

Equinox EV’ning old g‘ildirakdan tortuvchi versiyasi 220 ot kuchi va 328 Nm atrofidagi aylantiruvchi momentni taqdim etadi.

To‘liq uzatmali AWD modifikatsiyalarida esa quvvat 300 ot kuchi, aylantiruvchi moment esa qariyb 481 Nm ga yetadi. LT 2 va RS versiyalari 1 500 funtgacha, ya’ni qariyb 680 kg yukni tirkama orqali torta oladi.

Shuningdek, Equinox EV barcha komplektatsiyalarda avtomobil akkumulyatoridan uy elektr ta’minoti uchun foydalanish imkonini beruvchi Vehicle-to-Home (V2H) texnologiyasiga ega.

2027-yilgi model ishlab chiqarila boshlandi

Chevrolet Equinox EV’ning 2027-yilgi versiyasini ishlab chiqarish 10-avgustdan boshlangan. Dilerlar yangi model uchun buyurtmalarni ham qabul qila boshlagan.

GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, Equinox EV’ning keyingi avlodi 2028-yilda taqdim etilishi rejalashtirilgan. U General Motors ishlab chiqayotgan yangi BEV-N elektromobil platformasiga asoslanadi.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Captiva 5 narxi 55 mln so‘mga arzonlashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek