Krishtianu Ronaldu Messiga hamdardlik bildirdi

13-avgust 2026 08:41 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Krishtianu Ronaldu Messiga hamdardlik bildirdi
Kollaj: Bolavip

Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Lionel Messining otasi Xorxe Messi 68 yoshida vafot etgani yuzasidan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Marca xabar qildi.

Xorxe Messi 8-avgust kuni Argentinaning Rosario shahrida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etgan. U Lionel Messining faoliyatida muhim o‘rin tutgan va uzoq yillar davomida uning vakili hamda eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lib kelgan.

Ronaldu Messiga dalda berdi

Otasi vafotidan keyin Lionel Messi ijtimoiy tarmoqlarda unga bag‘ishlangan ta’sirli murojaatini e’lon qildi. Krishtianu Ronaldu esa ushbu postga munosabat bildirib, argentinalik futbolchiga og‘ir damlarda kuch tiladi. Ronaldu bilan birga futbol olamining boshqa taniqli vakillari ham Messiga hamdardlik bildirgan.

Ronaldu va Messi qariyb yigirma yil davomida futbolning eng katta raqobatlaridan birining markazida bo‘lib kelgan. «Real Madrid» va «Barselona» safidagi qarama-qarshilik hamda «Oltin to‘p» uchun kurash sabab ular ko‘pincha bir-biriga asosiy raqib sifatida ko‘rilgan. Shunga qaramay, ikki futbolchi bir-biri haqida gapirganda o‘zaro hurmatni saqlab kelgan.

Ronaldu ham otasidan yoshligida ayrilgan

Ronaldu Messining boshidan kechirayotgan yo‘qotishni shaxsiy tajribasi orqali ham tushunishi mumkin. Portugaliyalik futbolchining otasi Xose Dinis Aveiro 2005-yilda, Ronaldu 20 yoshida bo‘lgan paytda vafot etgan.

Messining oilasidagi yo‘qotish fonida Ronalduning hamdardlik bildirishi ularning maydondagi uzoq yillik raqobatidan qat’i nazar, insoniy munosabatlar sportdan ustun turishini yana bir bor ko‘rsatdi.

Xorxe Messining vafotidan keyin Lionel Messi Argentinaga yo‘l olgan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, marhumning dafn marosimi Rosario yaqinidagi Peres shahridagi xususiy qabristonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Avvalroq «Kursiv» Jorjina Rodriges va Ronalduning to‘yida kimlar qatnashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek