Har yili 50 ming ayol ikki yil to‘lmay yana farzand ko‘rmoqda

eʼlon qilindi
Bunday holatlar, ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ko‘p uchramoqda
Homiladorlar hayoti xavf ostida
Foto: ABC News

O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 50 ming ayol salomatligi to‘liq tiklanmasdan, avvalgi tug‘uruqdan keyin ikki yil o‘tmay yana farzand ko‘rmoqda. Bunday holatlar, ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ko‘p uchramoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda onalar va bolalar salomatligi hamda reproduktiv salomatlik sohasidagi muammolar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ayollarning tug‘uruqlar oralig‘ida yetarlicha tiklanmasdan yana homilador bo‘lishi ona va bola salomatligi uchun xavf tug‘dirishi ta’kidlandi. Shu sababli hududlarda reproduktiv salomatlik ko‘rsatkichlarini muntazam tahlil qilish va zarur choralarni ko‘rish topshirildi.

Onalar o‘limining 30 foizi xavf guruhidagi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, sog‘lig‘i homiladorlikni ko‘tarmasligiga qaramay farzand kutayotgan ayrim ayollar yetarli darajada nazoratga olinmayapti. O‘tgan yili onalar o‘limining 30 foizi aynan shu toifadagi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, turli nuqson va irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarning 10 foizi yaqin qarindoshlar nikohidan tug‘ilgani qayd etildi.

Hududlarda 520 ta akusher-ginekolog shtati bo‘sh

Respublika bo‘yicha o‘rindoshlik bilan hisoblaganda 520 ta akusher-ginekolog shtati bo‘sh turibdi. Jumladan, Farg‘onada 100, Namanganda 66, Toshkent shahrida 56 va Sirdaryoda 51 nafar akusher-ginekolog yetishmaydi.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasalarida 687 nafar anesteziolog-reanimatologga ehtiyoj mavjud.

Mamlakat bo‘yicha laparoskopda ishlash ko‘nikmasiga ega ginekologlar soni 126 nafarni tashkil etadi. Ularning 102 nafari Toshkent shahri va viloyat muassasalarida, 24 nafari esa tuman shifoxonalarida ishlaydi.

Tug‘uruq o‘rinlari soni oshiriladi

Hozirda homilador ayollarning 81 foizi prenatal ultratovush tekshiruvi bilan qamrab olingan. So‘nggi uch yilda hududlarda 2,2 mingta qo‘shimcha tug‘uruq o‘rni tashkil etilgan.

2026-yilda ularning sonini yana 1 057 taga, 2027-yilda esa 1 060 taga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, xalqaro dasturlar doirasida 1 984 nafar mutaxassisning malakasi oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq issiq havoda bo‘lajak onalar qanday saqlanishi kerakligi haqida xabar berilgandi. Homiladorlik vaqtida ayol organizmida qon hajmi ortadi, yurak va qon tomir tizimiga tushadigan yuk kuchayadi. Yuqori harorat esa tana haroratini oshirib, organizmning sovishini qiyinlashtiradi.

Shuningdek