
Vivo kompaniyasi tomonidan Xitoyda yangi Vivo S50t Vitality Edition smartfoni rasman taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Yangi model Snapdragon 8s Gen 3 protsessori, 6500 mA/soat sig‘imli batareya va 50 MP periskop telekamera bilan jihozlangan. Qurilmaning boshlang‘ich narxi 3299 yuan, ya’ni qariyb $490 ni tashkil etadi.
120 Gs AMOLED ekran va Snapdragon 8s Gen 3
Vivo S50t Vitality Edition 2750 × 1260 piksel aniqlikdagi 6,59 dyuymli AMOLED displeyga ega. Ekran 120 Gs yangilanish chastotasini va sensorning 2000 Gs gacha tezkor javob berish rejimini qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfonning ishlashi Qualcomm Snapdragon 8s Gen 3 chipi zimmasiga yuklangan. Qurilma 12 GB tezkor xotira bilan taklif qilinadi, ichki xotira hajmi esa konfiguratsiyaga qarab 256 yoki 512 GB ni tashkil etadi.

50 MP periskop kamera 100 karra zumni qo‘llaydi
Smartfonning old tomoniga avtofokusga ega 50 MP kamera o‘rnatilgan.
Asosiy kamera tizimi uchta moduldan iborat. Ular optik tasvir barqarorlashtirish tizimiga ega 50 MP asosiy kamera, 8 MP ultra keng burchakli kamera hamda OIS bilan jihozlangan 50 MP periskop telekamerani o‘z ichiga oladi.
Telekamera yordamida qurilma 100 karra raqamli zum imkoniyatini taklif qiladi.
6500 mA/soat batareya va 90 Vt quvvatlash
Vivo S50t Vitality Edition 6500 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘lib, 90 Vt quvvatdagi simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Simsiz quvvatlash imkoniyati mavjud emas, biroq USB Type-C orqali boshqa qurilmalarni teskari quvvatlash mumkin.
Smartfon Android 16 asosidagi OriginOS 6 operatsion tizimida ishlaydi. Shuningdek, qurilmada ultratovushli barmoq izi skaneri va yuz orqali qulfdan chiqarish funksiyasi mavjud.
Modelning o‘lchamlari 157,52 × 74,33 mm ni tashkil etadi. Korpus qalinligi rangga qarab 7,49-7,59 mm, vazni esa 197 grammgacha yetadi.

Narxi $490 dan boshlanadi
Vivo S50t Vitality Edition to‘rtta rangda – Space Black, Inspiration Purple, Confession White va Serene Blue variantlarida sotuvga chiqarildi.
12 GB tezkor va 256 GB ichki xotiraga ega versiya 3299 yuan – qariyb $490, 12/512 GB konfiguratsiya esa 3599 yuan – taxminan $535 turadi.
Yangi model avvalgi Vivo S50 va S50t smartfonlariga ko‘p jihatdan o‘xshash. Asosiy farqlardan biri – S50t Vitality Edition’da LPDDR5 tezkor xotirasidan foydalanilgani. Vivo S50 va S50t modellarida esa LPDDR5X xotira o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Vivo X500 va iQOO 16 qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.