15 mln qozog‘istonlikning shaxsiy ma’lumotlari darknet’da sotilayotganiga oid xabarlar yuzasidan izoh berildi

eʼlon qilindi
Ma’lumotlar bazasi uchun sotuvchi 0,5 bitkoin – taxminan 2,5 mln rubl talab qilgan
Foto: Mash Telegram kanali

Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi eGov tizimi buzilgani va 15 mln qozog‘istonlikning shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

eGov tizimiga hujum aniqlanmadi

Vazirlik va vakolatli organlar birgalikda texnik tekshiruv o‘tkazgan. Tekshiruv natijasida eGov axborot tizimlarining buzilgani aniqlanmagan. Shuningdek, mutaxassislar darknetda sotuvga qo‘yilgan fayllardan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan va ularni tahlil qilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, fayllar turli hujjatlar va tasvirlardan iborat bo‘lib, eGov tizimidan chiqarib olingan ma’lumotlar bazasi emas.

Sotuvga qo‘yilgan fayllar bo‘yicha shubhalar paydo bo‘lgan

Iddao qilinayotgan ma’lumotlar bazasining hajmi va mazmuni ham bir-biriga mos kelmasligi aniqlangan.

Bundan tashqari, eGov tizimida pasportlarning skaner nusxalari e’lon muallifi ko‘rsatgan shaklda saqlanmasligi qayd etilgan. Raqamli hujjatlar boshqa tartibda shakllantiriladi va saqlanadi.

Shu sababli vazirlik eGov buzilmagani va uning tizimlaridan 15 mln fuqaroning ma’lumotlari olingani haqidagi ma’lumotlar asossiz ekanini rasman bildirdi.

Darknet’dagi e’lon nimadan iborat edi

Qayd etish joiz, Mash Telegram kanali shymzz13 taxallusidagi foydalanuvchi darknet’da Qozog‘istonning 15 mln aholisi haqidagi ma’lumotlar bazasini sotuvga qo‘yganini xabar qilgan.

Xabarga ko‘ra, 2,7 GB hajmdagi faylda 47 mln qator ma’lumot bo‘lib, ular orasida pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, ish joylari, hujjatlarning skaner nusxalari va parollar borligi aytilgan.

Ma’lumotlar bazasi uchun sotuvchi 0,5 bitkoin – taxminan 2,5 mln rubl talab qilgan va ma’lumotlarni eGov tizimidagi zaiflikdan foydalangan holda qo‘lga kiritganini da’vo qilgan.

Biroq Qozog‘iston hukumati o‘tkazgan tekshiruv bu da’voni tasdiqlamadi.

Avvalroq AQShda sud Google kompaniyasiga qarshi bolalar ma’lumotlarini noqonuniy yig‘ish bilan bog‘liq jamoaviy da’vo yuzasidan tuzilgan kelishuvni dastlabki bosqichda ma’qullagandi.

Shuningdek