Tailanddan olib kelingan 4,6 kg mefedron ushlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Tailanddan olib kelingan 4,6 kg mefedron ushlandi
Foto: DXX

Tailanddan O‘zbekistonga olib kirilgan yirik miqdordagi sintetik giyohvandlik vositalarini aniqladi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

Aeroportda 4,6 kg mefedron topildi

DXX ma’lumotiga ko‘ra, «Bangkok – Toshkent» yo‘nalishidagi aviareys bilan kelgan, 2004-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan hamda 1993-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan ikki nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tekshiruv vaqtida ularga tegishli yuklar orasida shisha va alyuminiy idishlarga qadoqlanib, yashirilgan 4,6 kg mefedron sintetik giyohvandlik moddasi aniqlangan.

Yashash manzilidan gashish moyi olindi

Shundan so‘ng gumonlanuvchilarning Toshkent shahridagi yashash manzili ham ko‘zdan kechirilgan.

U yerdan 1,5 litr gashish moyi hamda 8 litr erituvchi vositalar topilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.

Yana bir shaxsdan 635 gramm Alfa-PVP topildi

Tezkor tadbir davom ettirilishi natijasida xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahrida qabul qilib olayotgan vaqtda 1997-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan yana bir shaxs ushlangan.

Uning yonidan 635 gramm Alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasi olib qo‘yilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi, ya’ni kontrabanda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday turdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda 577 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar topilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek