O‘zbekistonda xavfli va sifatsiz mahsulotlarni bozordan tezroq chiqarish tizimi joriy etiladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Senat «Bozor nazorati to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi
O‘zbekistonda xavfli va sifatsiz mahsulotlarni bozordan tezroq chiqarish tizimi joriy etiladi
Foto: domtut.uz

O‘zbekistonda iste’mol bozoridagi nooziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini nazorat qilishning yangi tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Senatning 18-yalpi majlisida «Bozor nazorati to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi.

Yangi hujjat texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish, iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish va tadbirkorlik subyektlari uchun zamonaviy nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.

Nazorat xavf darajasiga qarab amalga oshiriladi

Qonun bilan bozor nazoratining xavfga asoslangan mexanizmi joriy qilinadi. Ya’ni nazorat tadbirlari barcha tadbirkorlarni bir xil tartibda tekshirishga emas, balki inson salomatligi va xavfsizligiga ko‘proq xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni aniqlashga yo‘naltiriladi.

Buning uchun xavfli mahsulotlar haqida ma’lumot almashish imkonini beruvchi milliy axborot tizimi tashkil etiladi.

Xavfli mahsulot savdodan olib tashlanadi

Agar mahsulot belgilangan texnik talablarga javob bermasligi aniqlansa, unga nisbatan bir qator choralar ko‘rilishi mumkin.

Jumladan, mahsulotni muomaladan chiqarish, qaytarib olish yoki undan foydalanishni cheklash nazarda tutilmoqda.

Bojxona organlariga ham ayrim hollarda mahsulotni erkin muomalaga chiqarishni vaqtincha to‘xtatish vakolati beriladi. Buning uchun mahsulotning majburiy talablarga mos kelmasligi bo‘yicha yetarli asoslar bo‘lishi kerak.

Tadbirkorlar ham himoya qilinadi

Senatdagi muhokamada yangi tizimning asosiy maqsadlaridan biri halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni sifatsiz va kontrafakt mahsulotlar bilan raqobat qilayotgan subyektlardan himoya qilish ekani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, nazorat organlari xodimlarining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmasligi yoki noqonuniy harakatlari uchun javobgarlik ham belgilanadi.

Iste’molchilarga yetkazilgan zarar qoplanadi

Qonunda bozor nazorati doirasida inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan holatlarda zararni qoplash mexanizmlari ham mustahkamlanmoqda.

Bu, xususan maishiy texnika, bolalar o‘yinchoqlari, qurilish materiallari kabi kundalik hayotda keng foydalaniladigan mahsulotlarning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xalqaro standartlarga yaqinlashiladi

Qonun Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitimi va xalqaro amaliyot talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Senat vakillariga ko‘ra, hujjatning qabul qilinishi O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida ham muhim ahamiyatga ega. Yangi tizim mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish va savdodagi texnik to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri Qirg‘iziston O‘zbekistondan olib kirilgan 23 tonna piyozni qaytargani haqida yozgandi.

Shuningdek