
Eronning «Sepaxon» klubi o‘zbekistonlik futbolchi Jaloliddin Masharipov bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan «Istiqlol» ustidan shikoyat tayyorlamoqda. Bu haqda Footballi nashri xabar berdi.
Ikki holat bo‘yicha e’tiroz bor
«Sepaxon» vakillari «Istiqlol» Masharipovni FIFA tomonidan yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga cheklov qo‘yilgan davrda jamoa qaydnomasiga kiritganini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, futbolchi mavsum boshida «Istiqlol» qaydnomasidan chiqarilganidan keyin qishki transfer oynasi rasman ochilishidan avval yana jamoa ro‘yxatiga kiritilgani ham klubda savollar uyg‘otgan.
Eron klubi bu holat futbolchini transfer oynasi yopiq vaqtda qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga imkon beradigan FIFA qoidalaridagi istisnolarga mos kelmasligini taxmin qilmoqda.
Masala xalqaro tashkilotlargacha yetib borishi mumkin
«Sepaxon» dastlab masalani Eron futbol federatsiyasining Intizom qo‘mitasi orqali hal qilishni rejalashtirmoqda.
Agar klub mahalliy futbol organidan o‘zini qoniqtiradigan javob olmasa, ishni xalqaro sport tashkilotlariga olib chiqish ehtimoli bor.
Klub, xususan, Masharipovning qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi qaysi FIFA qoidalariga asoslanganiga aniqlik kiritilishini talab qilmoqda.
O‘yin natijasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin
Agar shikoyat asosli deb topilib, «Istiqlol» tomonidan qoidabuzarlik sodir etilgani tasdiqlansa, Masharipovning «Sepaxon»ga qarshi o‘yinda maydonga tushgani ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bunday holatda uchrashuv natijasini bekor qilish va Eron chempionati turnir jadvaliga o‘zgartirish kiritish ehtimoli yuzaga keladi.
Manbaga ko‘ra, «Sepaxon»ning masalani aynan hozir ko‘tarayotgani o‘tgan mavsum chempionini rasman e’lon qilish va unga chempionlik kubogini topshirish jarayoni yaqinlashgani bilan bog‘liq.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jaloliddin Masharipov haqida 5 ta qiziqarli faktni yozgandi.