Rossiya migrantlar uchun daromad solig‘ini 30 foizga oshirmoqchi

eʼlon qilindi
Soliq to‘lamagan migrantlarni esa mamlakatdan chiqarib yuborish taklif etilmoqda
Foto: Mika Baumeister / Unsplash

Rossiya Davlat dumasidagi Liberal-demokratik partiya fraksiyasi migrantlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 30 foizgacha oshirishni taklif qildi. Soliq to‘lamagan migrantlarni esa mamlakatdan chiqarib yuborish taklif etilmoqda.

Bu haqda Davlat dumasining xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, LDP fraksiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Andrey Lugovoy TASS’ga ma’lum qildi.

Sabablar

Lugovoyning aytishicha, migrantlar Rossiya infratuzilmasi, tibbiyot tizimi va boshqa xizmatlardan foydalanayotgani sababli ular uchun daromad solig‘i stavkasini 30 foizgacha oshirish kerak.

Deputat, shuningdek, soliq majburiyatlarini bajarmagan migrantlarga imtiyoz yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, soliqni to‘lamagan xorijlik mamlakatni tark etishi lozim.

Rossiyaga kirish uchun maxsus avans hisobi taklif qilindi

LDP yana Rossiyaga kirayotgan migrantlar uchun maxsus avans hisobini joriy etishni taklif qilmoqda.

Taklifga ko‘ra, migrantning o‘zi yoki uning ish beruvchisi ushbu hisobga ehtimoliy xarajatlarni oldindan joylashtirishi kerak bo‘ladi. Bu mablag‘lar deportatsiya, vaqtincha saqlash markazlarida bo‘lish, sud xarajatlari va jarimalarni qoplash uchun ishlatilishi mumkin.

Lugovoyning fikricha, bu xarajatlar Rossiya budjeti hisobidan emas, migrant yoki ish beruvchi tomonidan oldindan qoplanishi kerak.

Migrantlar ustidan yagona nazorat tizimi taklif qilindi

Deputat Rossiyada migrantlarning qayerda yashayotgani, qanday asosda ishlayotgani, soliq to‘layaptimi yoki yo‘qmi hamda qonunlarga rioya qilayotganini kuzatish imkonini beruvchi yagona davlat nazorat tizimini yaratish kerakligini ham bildirdi.

Hozircha bu takliflar qonun sifatida qabul qilingani haqida ma’lumot yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyati uchun kirishlari o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 13,2 foizga qisqardi. Statistikaga ko‘ra, pasayishga qaramay, Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirayotgan xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari yetakchilikni saqlab qolgan.

Shuningdek