Xiaomi HyperOS 4 taqdimotini o‘tkazmaydi

eʼlon qilindi
Kompaniya yangi versiyani foydalanuvchilar fikrlari asosida takomillashtirishga e’tibor qaratadi
Xiaomi HyperOS 4 taqdimotini o‘tkazmaydi
Foto: Xiaomi / Weibo

Xiaomi yangi HyperOS 4 operatsion tizimi uchun alohida taqdimot tashkil qilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya vakili Weibo’dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Kompaniya yangi versiyani foydalanuvchilar fikrlari asosida takomillashtirishga e’tibor qaratadi.

Taqdimot o‘rniga beta-test

Avvalroq HyperOS 4 avgust oxirigacha taqdim etilishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Hatto yangi tizim interfeysiga oid dastlabki skrinshotlar ham internetda paydo bo‘lgan.

Biroq Xiaomi mobil bo‘linmasi rahbari Lu Veybin kompaniya odatdagi taqdimot tadbirini o‘tkazmasligini bildirdi. Buning o‘rniga ishlab chiquvchilar tizimni amaliy sinovdan o‘tkazish va foydalanuvchilardan keladigan fikr-mulohazalar asosida optimallashtirishga e’tibor qaratadi.

Beta-test 14-avgustdan boshlanadi

Xitoy ichki bozorida HyperOS 4 beta-versiyasini sinash 14-avgustdan boshlanadi. Dastlab yangi tizim Xiaomi va Redmi’ning ayrim yangi qurilmalarida foydalanish uchun taqdim etiladi.

Birinchi bosqichda Xiaomi 17 seriyasi, Redmi K90 turkumi hamda Xiaomi Pad 8 va Pad 8 Pro planshetlari beta-testda qatnashadi.

Keyingi qurilmalar

HyperOS 4 beta-versiyasini tarqatish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. 27-avgustdan Xiaomi 17 Max, Xiaomi 17T Pro, Xiaomi 17T, Xiaomi 15 Ultra, Xiaomi 15S Pro va Xiaomi 15 kabi qurilmalar ham sinov dasturiga qo‘shiladi.

17-sentabrdan esa Redmi K100 Pro Max, Redmi K100 Pro, Redmi K80 seriyasi, Xiaomi Mix Flip 2 va boshqa qurilmalar uchun beta-versiya chiqarilishi rejalashtirilgan.

Tizim avval sinovdan o‘tkaziladi

Shunday qilib, Xiaomi HyperOS 4’ni katta sahnadagi an’anaviy tadbir orqali namoyish etishdan ko‘ra, uni bosqichma-bosqich foydalanuvchilarga taqdim etish yo‘lini tanladi. Kompaniya beta-test davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib, tizim barqarorligi va ishlash samaradorligini yaxshilashni maqsad qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Redmi K100 Pro Max smartfoni sotuvga chiqqani haqida yozgandi.

Shuningdek