Google Pixel 11 seriyasini taqdim etdi: uchta model HiLight indikatoriga ega

13-avgust 2026 17:27 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Google Pixel 11 seriyasini taqdim etdi: uchta model HiLight indikatoriga ega
Foto: Google

Google yangi Pixel 11 smartfonlar oilasini rasman namoyish etdi. Seriyaga Pixel 11, Pixel 11 Pro, Pixel 11 Pro XL va bukiladigan Pixel 11 Pro Fold kiradi.

Yangi qurilmalarning aksariyati Tensor G6 chipi bilan jihozlangan, ayrim modellar esa korpusining orqa qismidagi HiLight indikatori bilan ajralib turadi.

Pixel 11 yangi chip bilan jihozlandi

Foto: Google

Seriyaning asosiy modeli Pixel 11 Google’ning yangi Tensor G6 protsessoriga ega. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, chip avvalgi avlodga nisbatan energiyani 20 foiz samaraliroq sarflaydi. Brauzer ishlash tezligi 25 foizga, ilovalarni yuklash tezligi esa 15 foizga oshgan.

Smartfon 6,3 dyuymli OLED displey bilan keladi. Ekranning yangilanish chastotasi 60 – 120 Gts oralig‘ida, maksimal yorqinligi esa 3000 nitni tashkil qiladi.

Qurilmaning orqa tomonidagi kamera bloki ham yangilangan. Endi u oval shaklda bo‘lib, to‘liq shishadan tayyorlangan.

Kamera va batareya

Pixel 11’ning asosiy kamerasi 48 MP, ultra keng burchakli kamerasi 13 MP va 5 karra optik yaqinlashtirishga ega teleobyektivi 10,8 MP aniqlikda. Old kamera esa 10,5 MP.

Smartfon 12 GB tezkor xotira bilan ta’minlangan va 256 yoki 512 GB doimiy xotira variantlarida chiqariladi.

Foto: Google

4850 mA·soat sig‘imli akkumulyator 30 Vt simli va 25 Vt simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma IP68 himoyasiga ega, Google esa unga yetti yil davomida dasturiy ta’minot yangilanishlarini va’da qilmoqda.

Pixel 11’ning boshlang‘ich narxi $900 etib belgilangan.

Pixel 11 Pro va Pro XL

Pixel 11 Pro hamda Pixel 11 Pro XL texnik jihatdan deyarli bir xil. Ularning asosiy farqi ekran o‘lchami va batareya ko‘rsatkichlarida.

Pro modeli 6,3 dyuymli, Pro XL esa 6,8 dyuymli QHD+ displeyga ega. Har ikki qurilmada 120 Gts gacha yangilanish chastotasi va 3600 nitgacha maksimal yorqinlik mavjud.

Google ekran oynasining tirnalishga chidamliligini ham oshirgan. Kompaniya yangi qoplama avvalgi yechimga qaraganda ikki baravardan ko‘proq chidamli ekanini ta’kidlamoqda.

50 MP asosiy kamera va 42 MP selfi kamerasi

Pro versiyalar uchta asosiy kameradan foydalanadi. Asosiy sensor 50 MP, ultra keng burchakli kamera 48 MP, 5 karra optik yaqinlashtirishga ega telekamera esa 48 MP.

Old kamera 42 MP aniqlikka ega.

Smartfonlar Tensor G6 chipi, 12 yoki 16 GB tezkor xotira va 256 GB, 512 GB yoki 1 TB doimiy xotira bilan taklif etiladi.

Pixel 11 Pro 4850 mA·soat, Pro XL esa 5115 mA·soat batareyaga ega. Pro XL 45 Vt simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlasa, Pro modelida bu ko‘rsatkich 30 Vt.

Pixel 11 Pro narxi $1100 dan, Pro XL esa $1300 dan boshlanadi.

HiLight indikatori paydo bo‘ldi

Pixel 11 Pro va Pro XL’ning asosiy yangiliklaridan biri – kameralar yoniga joylashtirilgan HiLight indikatori.

U Gemini bilan ishlash vaqtida yonadi va kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni foydalanuvchi tanlagan ranglarda ko‘rsatishi mumkin. Google kelajakda ushbu funksiyani xabarlar uchun ham joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Pixel 11 Pro Fold yanada yengil bo‘ldi

Google bukiladigan smartfonini ham yangiladi. Pixel 11 Pro Fold avvalgi modelga qaraganda 10 foiz yengilroq va taxminan 1 millimetr yupqaroq bo‘lgan.

Foto: Google

Qurilmada 48 MP asosiy kamera ishlatiladi. Yangi sensor avvalgi versiyaga nisbatan 56 foiz ko‘proq yorug‘lik qabul qila oladi. 10,8 MP telekamera 5 karra optik va 30 karra raqamli yaqinlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfonning ikkala old kamerasi ham 10 MP.

Bukiladigan modelda ham HiLight bor

Pixel 11 Pro Fold ham HiLight indikatori bilan jihozlangan. Qurilma Tensor G6 chipi, 16 GB tezkor xotira va 256 GB, 512 GB yoki 1 TB doimiy xotira bilan ishlab chiqariladi.

Foto: Google

4806 mA·soat sig‘imli batareya o‘rnatilgan. Orqa qopqoq uchun shisha tolali kompozit material ishlatilgan, yangi sharnir va korpus konstruksiyasi esa qurilmani avvalgi avlodga nisbatan uch baravar mustahkam qilgani aytilmoqda.

Pixel 11 Pro Fold’ning boshlang‘ich narxi $1 900 ni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Pixel 11 Pro Fold smartfoni taqdim etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek