Tadbirkorlar kuni munosabati bilan bir guruh soha vakillari mukofotlandi

eʼlon qilindi
Shavkat Mirziyoyevning 13-avgustdagi farmoni bilan
Dramaturg va yosh rejissyorlar uchun mukofotlar ta’sis etildi
Foto: Prezident.uz

Shavkat Mirziyoyevning 13-avgustdagi farmoni bilan Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh tadbirkor va ishbilarmonlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mukofotlanganlar mamlakat taraqqiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirish, investitsiyalarni jalb qilish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy xizmatlarni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi farovonligini oshirishdagi xizmatlari uchun e’tirof etildi.

Jumladan, Odiljon Boltayevga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor», Baxtiyor Xamrayevga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi», Muhsinjon Isakov va Yorqin Babaxanovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvonlari berildi.

Shuningdek, Baxtiyor Axmedov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni bilan mukofotlandi.

Bir guruh tadbirkorlarga «Fidokorona xizmatlari uchun», «Mehnat shuhrati», «Do‘stlik» va «Mardlik» ordenlari topshirildi. Ular orasida My Freighter va Centrum Air xususiy aviakompaniyalari ta’sischisi Abdulaziz Abduraxmanov, AZC Group kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha ijrochi direktori Rastislav Babitsa, Voltalia kompaniyasi boshqaruvi raisi Robert Klain ham bor.

Bundan tashqari, bir qator soha vakillari II darajali «Salomatlik» ordeni, «Sog‘lom turmush», «Jasorat», «Kelajak bunyodkori» va «Shuhrat» medallari bilan taqdirlandi.

Farmonda mukofotlanganlar qatoridan O‘zbekistonning barcha hududlari, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlaridan tadbirkorlar o‘rin olgan.

Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, ta’lim, tibbiyot, turizm, aviatsiya va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 40 nafarga yaqin tadbirkorning «svet»ga ulanish muammosi hal qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek