Tecno Pova 8 Pro smartfoni taqdim etildi — foto

eʼlon qilindi
Tecno Pova 8 Pro smartfoni taqdim etildi — foto
Foto: Tecno

Tecno kompaniyasi Pova 8 seriyasining yangi modeli – Tecno Pova 8 Pro smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Qurilma MediaTek Dimensity 7400 Ultimate protsessori, 144 Hz chastotali AMOLED ekran, 6500 mA/soat sig‘imli batareya va o‘yinlar uchun alohida grafik chip bilan jihozlangan.

Smartfonning tashqi ko‘rinishi ham noodatiy uslubda ishlab chiqilgan. Tecno uning dizaynini «starship» deb atamoqda. Orqa panelda uchburchak shakldagi kamera bloki hamda foydalanuvchi sozlashi mumkin bo‘lgan Mini LED nuqtali matritsa joylashtirilgan.

O‘yinlarda 144 fpsgacha ishlashi mumkin

Tecno Pova 8 Pro MediaTek Dimensity 7400 Ultimate chipi asosida ishlaydi. Qurilmaga 12 GBgacha tezkor xotira va 512 GBgacha ichki xotira o‘rnatiladi.

Foto: Tecno

Smartfonda o‘yinlar uchun maxsus P1 grafik chipi ham mavjud. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, ayrim o‘yinlarda kadrlar chastotasi 144 fpsgacha yetishi mumkin. RPG janridagi o‘yinlarda maksimal ko‘rsatkich 90 fps, FPS va MOBA turidagi loyihalarda esa 144 fpsgacha bo‘lishi aytilmoqda.

Qurilma Android 16 asosidagi HiOS 16 operatsion tizimida ishlaydi. Tecno smartfon uchun ikkita yirik Android yangilanishi va uch yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan. Kompaniyaning Ella sun’iy intellekt yordamchisi ham tizimga oldindan o‘rnatilgan.

Ekran yorqinligi 4500 nitgacha yetadi

Pova 8 Pro 6,78 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekranning yangilanish chastotasi 144 Hz, maksimal yorqinligi esa 4500 nitgacha yetadi.

Displeyni Corning Gorilla Glass 7i himoya oynasi qoplaydi. Yuqori yangilanish chastotasi, ayniqsa, mobil o‘yinlarda va tezkor animatsiyalarda silliq tasvirni ta’minlashga xizmat qiladi.

Smartfonning orqa qismidagi Mini LED dot-matrix panelida turli animatsiya va effektlarni ko‘rsatish mumkin. Foydalanuvchilar undagi tasvirlarni o‘z xohishiga ko‘ra sozlashi mumkin.

Foto: Tecno

Asosiy kamera 50 MP va OIS bilan jihozlangan

Tecno Pova 8 Pro’ning asosiy kamerasi 50 MP aniqlikdagi Sony LYTIA 700C sensori asosida ishlab chiqilgan. U optik tasvir barqarorlashtirish – OIS tizimini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, qurilmada 8 MP ultra keng burchakli kamera mavjud. Selfi va videomuloqot uchun esa 13 MP old kamera o‘rnatilgan.

Smartfonning korpusi IP66, IP68, IP69 va IP69K standartlari bo‘yicha suv hamda changdan himoyalangan. Bu qurilmaga yuqori bosimli suv oqimlariga ham bardosh berish imkonini beradi.

Batareya sig‘imi 6500 mA/soat

Pova 8 Pro 6500 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, 45 Vt quvvatli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, bypass charging texnologiyasi ham mavjud bo‘lib, u o‘yin vaqtida energiyani batareyani chetlab o‘tib to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilmaga uzatishi mumkin.

Smartfon boshqa qurilmalarni kabel orqali 10 Vt quvvatda teskari zaryadlash imkoniyatiga ham ega.

Qurilmada ekran ostidagi barmoq izi skaneri, 5000 kv. mm maydonga ega bug‘ kamerali sovitish tizimi, infraqizil port, NFC, 4D o‘yin vibratsiyasi va Dolby Atmos sozlamalariga ega stereo dinamiklar mavjud. Shuningdek, simli va simsiz ulanishlarda Hi-Res Audio qo‘llab-quvvatlanadi.

Uch xil rang va maxsus Lamborghini versiyasi chiqadi

Tecno Pova 8 Pro Arc White, Graphite Black va Tundra Green ranglarida sotuvga chiqariladi. Xaridorlarga 8/256 GB, 12/256 GB va 12/512 GB xotira konfiguratsiyalari taklif etiladi.

Kompaniya modelning cheklangan Tonino Lamborghini versiyasini ham tayyorlagan. U maxsus qora dizayn bilan ajralib turadi, biroq texnik xususiyatlari standart Pova 8 Pro bilan bir xil.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tecno Camon 50 Ultra smartfoni sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek