Messi otasining vafotidan keyin faoliyatini yakunladimi

14-avgust 2026 10:06 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Messi otasining vafotidan keyin faoliyatini yakunladimi
Foto: Getty Images via AFP

Lionel Messi hozircha futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgani yo‘q. Biroq otasi Xorxe Messining vafotidan keyin 39 yoshli argentinalik futbolchi faoliyatini yana qancha davom ettirishiga shubha qilayotganini bildirdi, deya xabar berdi SkySports.

Lionel Messi otasi va uzoq yillar davomida uning agenti bo‘lgan Xorxe Messi 68 yoshida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etgach, ijtimoiy tarmoqlarda unga bag‘ishlangan murojaatini e’lon qildi.

Futbolchi otasining o‘limi unga qattiq ta’sir qilganini va professional faoliyatini uzoq davom ettirishiga ishonchi kamayganini aytdi.

«Sensiz nima qilishimni, qanday davom etishni bilmayman», – deb yozdi Messi. Shuningdek, u futbol o‘ynashni yana uzoq vaqt davom ettirishiga shubhalari borligini tan oldi.

Messi hozircha faoliyatini yakunlagani yo‘q

Messining so‘zlari uning yaqin vaqt ichida futbol bilan xayrlashishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi. Ammo futbolchi faoliyatini tugatish bo‘yicha rasmiy qaror e’lon qilmagan.

Bundan tashqari, otasining vafotidan keyin Argentinaga borgan Messi AQShga qaytib, «Inter Mayami» safida yana maydonga tushdi. Bu ham uning ayni paytda professional faoliyatini davom ettirayotganini ko‘rsatadi.

Otasi Messini JCh – 2026 da o‘ynashga undagan

Messining aytishicha, otasining sog‘lig‘i JCh – 2026 boshlanishidan bir necha kun oldin keskin yomonlashgan. Shunga qaramay, Xorxe o‘g‘lini turnirda qatnashishga undagan.

Argentina musobaqa finaliga qadar yetib bordi. Messi turnir davomida sakkizta gol urdi, biroq hal qiluvchi uchrashuvda Argentina Ispaniyaga imkoniyatni boy berdi.

Futbolchi otasi butun faoliyati davomida uning yonida bo‘lganini, mashg‘ulotlarga olib borganini va keyinchalik agenti sifatida ham faoliyat yuritganini esladi. Messi otasi bilan birgalikda futbolchilik faoliyatining yakunigacha yetib borishni istaganini ham ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Krishtianu Ronaldu Messiga hamdardlik bildirgandi. Otasi vafotidan keyin Lionel Messi ijtimoiy tarmoqlarda unga bag‘ishlangan ta’sirli murojaatini e’lon qildi. Krishtianu Ronaldu esa ushbu postga munosabat bildirib, argentinalik futbolchiga og‘ir damlarda kuch tiladi. Ronaldu bilan birga futbol olamining boshqa taniqli vakillari ham Messiga hamdardlik bildirgan.

Shuningdek