«Dekret» va «kasallik» nafaqalarini tayinlash tartibiga o‘zgarish kiritildi

O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish, ya’ni «dekret» nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik – «kasallik» nafaqasini tayinlash tartibi yangilandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, mehnat munosabatlari saqlanib qolgan holda ish haqi to‘lanmagan oylar endi sug‘urta stajining uzilishiga sabab bo‘lmaydi.
Bunga xodimning o‘z hisobidan olgan ta’tili va kasallik davri ham kiradi. Shu tariqa «dekret» yoki «kasallik» nafaqasini olish uchun talab qilinadigan olti oylik uzluksiz sug‘urta stajini hisoblash tartibi yengillashtirildi.
Kam maosh oluvchilar uchun ham staj hisoblanadi
Endi kam maosh oladigan yoki to‘liq bo‘lmagan stavkada ishlaydigan xodimlarning ham sug‘urta staji hisobga olinadi.
Agar bir oylik ish haqi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdoriga teng yoki undan yuqori bo‘lsa, bir oy to‘liq sug‘urta staji sifatida hisoblanadi. Ish haqi undan kam bo‘lsa, yarim oy staj sifatida qabul qilinadi.
Qo‘shimcha dekret nafaqasi kamayib ketmaydi
Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan holatlarda dekret ta’tili uzaytirilsa, qo‘shimcha nafaqa avvalgi hisob-kitob ko‘rsatkichlari asosida belgilanadi.
Bu tartib qo‘shimcha nafaqa miqdorining asossiz kamayib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.
Qariyb 3 ming ayol dekret nafaqasi olishi mumkin
Yangi tartib natijasida qo‘shimcha ravishda qariyb 3 ming ayolda dekret nafaqasini olish huquqi paydo bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zgarishlar 2026-yil 13-maydan boshlab yuzaga kelgan sug‘urta hodisalariga ham tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 50 ming ayol salomatligi to‘liq tiklanmasdan, avvalgi tug‘uruqdan keyin ikki yil o‘tmay yana farzand ko‘rmoqda. Bunday holatlar, ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ko‘p uchramoqda.