O‘zbekistonda ayrim faoliyatlarni uch oy litsenziyasiz boshlash mumkin bo‘ladi

eʼlon qilindi
Tadbirkor faoliyatini boshlashdan oldin vakolatli organga maxsus elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul xabarnoma yuborishi kerak bo‘ladi
O‘zbekistonda ayrim faoliyatlarni uch oy litsenziyasiz boshlash mumkin bo‘ladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda tadbirkorlarga ayrim litsenziyalanadigan yoki ruxsat beruvchi hujjat talab qilinadigan faoliyatlarni uch oy davomida tegishli hujjatlarsiz boshlash imkoniyati yaratilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tadbirkor faoliyatini boshlashdan oldin vakolatli organga maxsus elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul xabarnoma yuborishi kerak bo‘ladi.

Maxsus rejim uch oy amal qiladi

«Biznesga litsenziyasiz kirish» rejimining amal qilish muddati uch oyni tashkil etadi. Shu vaqt davomida talabgor tegishli litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olmasdan faoliyat yuritishi mumkin.

Bunda u mazkur faoliyatni litsenziyasiz yoki ruxsat beruvchi hujjatsiz amalga oshirgani uchun javobgarlikka tortilmaydi.

Uch oylik davr tadbirkorga o‘z faoliyatini qonunchilikda belgilangan litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga moslashtirish uchun beriladi.

Uch oy ichida litsenziya olish yoki faoliyatni to‘xtatish kerak

Maxsus rejimdan foydalangan talabgor belgilangan muddat davomida faoliyatini tegishli talablarga muvofiqlashtirishi lozim.

Shundan so‘ng u belgilangan tartibda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olishi kerak. Agar zarur hujjat olinmasa, tadbirkor ushbu faoliyatni to‘xtatishi talab etiladi.

Demak, yangi tartib litsenziya talab qilinadigan faoliyatni butunlay hujjatsiz yuritishga ruxsat bermaydi. U tadbirkorga biznesni boshlash va zarur ruxsatlarni rasmiylashtirish uchun uch oylik vaqt beradi.

Ayrim arxiv hujjatlarini saqlash muddatlari ham belgilandi

Qonun bilan arxiv hujjatlarini saqlash muddatlariga oid normalar ham aniqlashtirildi. Xususan, maxfiy hujjatlar 30 yil davomida saqlanishi belgilandi.

2019-yil 1-yanvargacha ish yuritilishi yakunlangan shaxsiy tarkibga oid hujjatlar idoraviy arxivlarda 75 yil davomida saqlanadi.

2019-yil 1-yanvardan boshlab shakllantirilgan shaxsiy tarkib hujjatlarini saqlash muddati esa 50 yil etib belgilandi.

Avvalroq «Kursiv» «dekret» va «kasallik» nafaqalarini tayinlash tartibiga o‘zgarish kiritilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek