Instagram 10 yildan keyin logotipini o‘zgartirdi

Instagram 2016-yildan beri foydalanib kelgan logotip yozuvini yangiladi. Platforma eski dizayndan voz kechib, qo‘lyozma va bosma shrift elementlarini birlashtirdi. Bu haqda platforma rahbari Adam Mosseri ma’lum qildi.
Yangi logotip foydalanuvchilar orasida bahsga sabab bo‘ldi
Mosseri yangi dizayn haqida ma’lum qilib, platformaning avvalgi yozuvi qariyb 10 yil davomida o‘zgarmaganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi variant yanada ixcham va zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan. Shu bilan birga, Instagram’ning dastlabki uslubiga xos ayrim jihatlar saqlab qolingan.

Biroq yangi logotip foydalanuvchilarning barchasiga ham yoqmagan. Ayrimlar yozuvni o‘qish qiyinlashganini ta’kidlab, u hatto «Instagram» emas, boshqa so‘zga o‘xshab qolganini yozgan.
Eski logotip 2016-yilda paydo bo‘lgandi
Instagram bundan oldingi logotipini 2016-yilda brend uslubini keng ko‘lamda yangilash doirasida taqdim etgan. Shundan beri platforma aynan shu yozuvdan foydalanib kelayotgan edi.
O‘sha yili Instagram ilk bor o‘z platformasida reklama joylashtirishni ham boshlagan. Reklama kampaniyasi dastlab Fransiyada o‘tkazilib, internet, kinoteatrlar va raqamli tashqi reklama vositalarini qamrab olgan.
Mosseri yangi logotipni Threads platformasida ham e’lon qilib, foydalanuvchilarning munosabatini bilishga harakat qilgan. Ayrim foydalanuvchilar o‘zgarishni ijobiy baholagan bo‘lsa, boshqalari Instagram’ning avvalgi tanish ko‘rinishi saqlanib qolishini istagan.
Avvalroq AQShning Nyu-Meksiko sudi tomonidan Meta kompaniyasi $567 mln jarimaga tortilgandi.