AQSh sudi Trampning arzon importlarga boj qo‘llash siyosatini qo‘llab-quvvatladi — Axios

AQSh sudi prezident Donald Tramp ma’muriyatiga arzon import mahsulotlarini, jumladan Xitoyning Temu va Shein kabi platformalari orqali yuboriladigan posilkalarni bojsiz olib kirishni cheklashga ruxsat berdi. Bu haqda Axios xabar berdi.
Sud qarori Tramp ma’muriyatining savdo siyosati uchun muhim huquqiy g‘alaba bo‘ldi.
Qarorga ko‘ra, qiymati $800 va undan kam bo‘lgan posilkalarni bojdan ozod qiluvchi de minimis imtiyozini vaqtincha to‘xtatish amaliyoti davom etishi mumkin.
$800 gacha bo‘lgan posilkalar endi imtiyozdan foydalana olmaydi
De minimis tartibi AQShga qiymati $800 gacha bo‘lgan kichik posilkalarni boj to‘lamasdan olib kirish imkonini bergan. Mazkur mexanizm elektron tijorat rivojlanishi ortidan, ayniqsa, Xitoydan jo‘natiladigan arzon tovarlar savdosida keng qo‘llanila boshlagan.
Tramp ma’muriyati esa bu tizimni savdo bojlari va bojxona nazoratidan chetlab o‘tish imkonini beruvchi «bo‘shliq» sifatida tanqid qilgan. Prezidentning fikricha, ushbu tartib nafaqat arzon import oqimini kuchaytirgan, balki kontrafakt mahsulotlar va noqonuniy tovarlarning mamlakatga kirib kelishiga ham sharoit yaratgan.
AQSh Bojxona va chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, de minimis imtiyozi bekor qilinishi natijasida 2025-yilda qariyb $1 mlrd boj yig‘ilgan.
Sud prezident vakolatlarini tan oldi
Tramp ma’muriyati de minimis imtiyozini to‘xtatish uchun Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun – IEEPA’ga tayangan.
Avvalroq AQSh Oliy sudi ushbu qonundan keng ko‘lamli tariflar joriy qilish uchun foydalanib bo‘lmasligi haqida qaror chiqargan edi. Biroq o‘sha qarorda IEEPA asosida de minimis imtiyozini bekor qilish mumkin yoki mumkin emasligi masalasi alohida ko‘rib chiqilmagan.
Xalqaro savdo sudining uch sudyadan iborat hay’ati bir ovozdan IEEPA prezidentga ayrim «imtiyozlar»ni bekor qilish vakolatini berishini ta’kidladi. De minimis tartibi esa AQSh qonunchiligida aynan shunday «imtiyoz» sifatida ta’riflangan.
Temu va Shein biznes modeliga bosim kuchaydi
De minimis tartibining to‘xtatilishi Temu va Shein kabi platformalarning AQShdagi biznes modeliga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu kompaniyalar uzoq vaqt davomida Xitoydan AQSh xaridorlariga arzon mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishda bojsiz posilkalardan faol foydalangan.
Imtiyozning bekor qilinishi mahsulotlarning yakuniy narxi oshishiga va ayrim kompaniyalarning logistika hamda ta’minot zanjirlarini qayta ko‘rib chiqishiga olib keldi.
Tramp ma’muriyati avval Xitoy va Gonkongdan keladigan posilkalarga nisbatan de minimis tartibini bekor qilgan, keyinchalik esa bu siyosatni boshqa mamlakatlardan keladigan jo‘natmalarga ham kengaytirgan.
Imtiyoz kelasi yil butunlay bekor qilinadi
Sudning yangi qarori amaldagi cheklovni doimiy qonunchilik kuchga kirguniga qadar saqlab qolishga imkon beradi.
AQSh Kongressi Trampning soliq va xarajatlar haqidagi qonuni doirasida de minimis imtiyozini butunlay bekor qilishni allaqachon tasdiqlagan. Yangi tartib kelasi yil iyul oyidan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Karolin Levitt Oq uy matbuot kotibi lavozimidan ketishi haqida yozgan edi.