Toshkentda kvartiralar bahosi qayta ko‘rib chiqildi: soliqlar bilan nima bo‘ladi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan dastlabki ommaviy baholash natijalariga ko‘ra, 600 mingdan ortiq kvartiraning bahosi amaldagi kadastr qiymatidan qariyb 7,4 baravar, 213 mingdan ortiq hovli-joyniki esa qariyb 15 baravar yuqori chiqdi. Natijalar hozircha dastlabki bo‘lib, 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Bu haqda 14-avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Ommaviy baholash Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan amalga oshirilgan. Tizimning asosiy maqsadi ko‘chmas mulkning amaldagi kadastr qiymatini bozor sharoitlariga yaqinlashtirishdan iborat.
Kvartiralarning umumiy qiymati 426,7 trln so‘mga yetdi
Toshkent shahrida 600 mingdan ortiq kvartira baholangan. Ularning amaldagi jami kadastr qiymati 57,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida bu ko‘rsatkich 426,7 trln so‘mga yetgan.
Shu tariqa kvartiralarning amaldagi kadastr qiymati bilan yangi baholangan qiymati o‘rtasidagi farq qariyb 7,4 baravarni tashkil qilmoqda.
Baholash natijalariga ko‘ra, Toshkentda kvartiralarning bir kvadrat metri qiymati hududga qarab 4,6 mln so‘mdan 36 mln so‘mgacha bo‘lgan.
Hovli-joylar qiymatida farq 15 baravarga yetdi
Poytaxtda 213 mingdan ortiq hovli-joylar ham ommaviy baholashdan o‘tkazilgan.
Ularning amaldagi kadastr qiymati jami 39 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yangi baholash natijasida qiymat 587 trln so‘mga yetgan. Bu qariyb 15 baravar farq degani.
Mutaxassislar bunday katta tafovutning asosiy sabablaridan biri amaldagi kadastr qiymatida yer uchastkasi narxi to‘liq aks etmaganini qayd etdi. Yangi tizimda esa hovli-joy yer uchastkasi, bino va boshqa inshootlar bilan birga yagona ko‘chmas mulk obyekti sifatida baholanadi.
Toshkentda bir sotix yerning baholangan qiymati hududga qarab 115 mln so‘mdan 888 mln so‘mgacha bo‘lgan.
Yangi qiymat qanday aniqlanadi
Ommaviy baholashda obyektning joylashuvi, yer va bino maydoni, qurilgan yili, qavatliligi, qurilish materiali, transport hamda ijtimoiy infratuzilma kabi omillar hisobga olinadi.
Shuningdek, ko‘chmas mulk bozoridagi takliflar, rieltorlik ma’lumotlari va notarial tartibda rasmiylashtirilgan bitimlar tahlil qilinadi. Shu ma’lumotlar asosida hududlar narx zonalariga ajratilib, baholash modellari shakllantiriladi.
Ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymat ko‘chmas mulkning aniq sotuv narxi hisoblanmaydi. U obyekt qiymatini bozor sharoitlariga yaqin yagona mezonlar asosida aniqlash uchun qo‘llaniladi.
Mulkdorlarga SMS yuboriladi
Taqdim etilgan natijalar hozircha dastlabki hisoblanadi. Ular 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Har bir mulkdorga o‘z ko‘chmas mulki bo‘yicha baholash natijasi haqida SMS-xabarnoma yuborilishi rejalashtirilgan.
Mulkdorlar hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlarni ko‘rishi, xato aniqlansa natijani qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin. Baholangan qiymatdan norozi bo‘lganlar mustaqil baholovchi tashkilotni ham jalb qilish huquqiga ega.

«Tabiiyki, aholini qiziqtiradigan muhim savollardan biri, ommaviy baholashdan keyin, natijalari amaliyotga joriy etilgandan keyin, mulk solig‘i nima bo‘ladi, degan savol bor. Bu yerda bir narsani aytish kerak, mulkning baholangan qiymati bir necha barobar o‘zgarsa, soliq ham shuncha barobar oshadi, degani emas. Baholash va soliq stavkasini belgilash bir-biridan alohida masala. Bu bo‘yicha biz yana tayyorgarlik ko‘ramiz, alohida sizlarga axborot beramiz. Ommaviy baholash ko‘chmas mulkning iqtisodiy qiymati haqida ishonchli bazani shakllantiradi. Keyingi bosqichda esa soliq siyosati ushbu baza, aholi jon soni, ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirlar hisobga olingan holda alohida ko‘rib chiqiladi. Maqsad soliq yukini mexanik ravishda oshirish emas, balki soliq tizimini yana adolatli qilishdir. Buning uchun soliq stavkalarining aniq miqdori haqida baholash natijalari muhokama qilinib, obyektlar bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilib, uslubiyat takomillashtirilgandan keyin o‘zimizning fikrlarimizni, takliflarimizni kiritamiz», – deya ma’lum qildi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov.
Tizim boshqa hududlarga ham joriy etiladi
2025 – 2026-yillarda tizim Toshkent shahrida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkaziladi. 2026 – 2027-yillarda Nukus shahri va viloyat markazlarida, keyinchalik esa respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kadastrda 500 mingta ariza endi bir necha soniyada rasmiylashtirilishi haqida xabar berilgandi.