O‘zbekiston 40 dan ortiq davlatlar qatorida AQShning yirik firibgarlik sxemasiga tushdi

AQSh hukumati Xitoyning Amerika bojlarini chetlab o‘tishiga yordam bergan 40 dan ortiq davlatlarni sanab o‘tdi. Ro‘yxatda O‘zbekiston ham qayd etilgan. Bu haqda Oq uyning «Yuklarni qayta yo‘naltirish bo‘yicha katta firibgarlik» deb nomlangan hisobotida ma’lum qilingan.
AQSh: Xitoy mahsulotlari boshqa davlatlar orqali olib kirilgan
Hisobotda aytilishicha, Xitoy kompaniyalari AQShga mahsulot eksport qilishda ayrim davlatlardan vositachi sifatida foydalangan. Tovarlar avval boshqa mamlakatlarga yuborilgan, u yerda esa ularga kichik o‘zgarishlar kiritilgan: mahsulot qayta qadoqlangan, yorlig‘i almashtirilgan yoki oz miqdorda qayta ishlangan.
Shundan so‘ng mahsulotlar go‘yoki Xitoyda ishlab chiqarilmagandek ko‘rsatilgan va AQSh bozoriga boshqa davlat nomidan olib kirilgan.
Oq uy bunday davlatlar soni 40 tadan ortiq ekanini bildirgan. Hisobot muqovasida esa ushbu sxemani ifodalash uchun «Troya oti» tasviridan foydalanilgan.
Oq uy: bu sxema AQShga milliardlab dollar zarar yetkazgan
AQSh Savdo va ishlab chiqarish siyosati boshqarmasi rahbari Piter Navarro Xitoy bojlar joriy etilgach, bunday usullardan yanada faol foydalanganini aytgan.
AQSh rasmiylariga ko‘ra, mahsulotlarni boshqa davlatlar orqali olib kirish natijasida Amerika bojxona to‘lovlaridan o‘nlab milliard dollar miqdorida zarar ko‘rgan.
Hisobotda Xitoyning ushbu usuldan foydalanishiga ayrim davlatlardagi arzon ishchi kuchi, bojxona nazoratining nisbatan sustligi, erkin iqtisodiy zonalar va AQSh bozoriga chiqish imkoniyati sabab bo‘lgani ta’kidlangan.
O‘zbekistonning ro‘yxatga kiritilgani nimani anglatadi
Hisobotda O‘zbekiston ham Xitoy mahsulotlari AQSh bojlarini chetlab o‘tish uchun foydalanilgan davlatlar qatorida ko‘rsatilgan. Biroq taqdim etilgan ma’lumotlarda O‘zbekiston aynan qaysi mahsulotlar yoki kompaniyalar orqali ushbu sxemada qatnashgani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Shuningdek, hisobotda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Gruziya Xitoyning «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi quruqlikdagi tranzit yo‘nalishlari uchun muhim logistika nuqtalari sifatida ko‘rsatilgan.
AQSh rasmiylari esa Xitoyning uchinchi davlatlardan foydalanib, mahsulotlarning kelib chiqishini o‘zgartirib ko‘rsatish amaliyotini keng ko‘lamli muammo sifatida baholamoqda.
Avvalroq AQSh sudi prezident Donald Tramp ma’muriyatiga arzon import mahsulotlarini, jumladan, Xitoyning Temu va Shein kabi platformalari orqali yuboriladigan posilkalarni bojsiz olib kirishni cheklashga ruxsat bergani haqida xabar berilgandi.