Toshkentdagi qaysi hududlarda uylar kadastr qiymatidan yuqori baholanmoqda

Toshkent shahrida ko‘chmas mulkni ommaviy baholash bo‘yicha taqdim etilgan misollar ayrim obyektlar qiymati amaldagi kadastr bahosidan bir necha baravar yuqori chiqqanini ko‘rsatdi. Xususan, ayrim hovli-joylarda farq 36 – 38 baravargacha, kvartiralarda esa 9,6 baravargacha yetgan.
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash bo‘yicha ochiq muloqotda Toshkentdagi kvartira va hovli-joylar yuzasidan bir qator amaliy misollar taqdim etildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri. Ularda amaldagi kadastr qiymati bilan ommaviy baholash natijalari o‘rtasida sezilarli tafovut borligi ko‘rsatildi.
Kvartiralarda farq 4,9 baravardan 9,6 baravargacha yetgan

Taqdim etilgan misollardan birida Yangihayot tumanidagi Yo‘ldosh mahallasida joylashgan, 2019-yilda qurilgan 62,5 kvadrat metrlik xonadonning amaldagi kadastr qiymati 112,8 mln so‘m deb ko‘rsatilgan. Ommaviy baholash natijasida esa uning qiymati 552,2 mln so‘m etib belgilangan. Farq 439,4 mln so‘mni yoki 4,9 baravarni tashkil etgan.
Yana bir misolda Yunusobod tumanidagi 65,7 kvadrat metrlik xonadonning amaldagi kadastr qiymati 132,1 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ommaviy baholashda u 1 mlrd 249,5 mln so‘m deb baholangan. Bu yerda farq 1 mlrd 118,4 mln so‘mni yoki 9,6 baravarni tashkil qilgan.
Ayrim hovli-joylarda tafovut 36 baravargacha chiqqan
Yakka tartibdagi turar joylar bo‘yicha ko‘rsatkichlar yanada katta tafovutni ko‘rsatgan.
Masalan, Bektemir tumanidagi Majnuntol mahallasida joylashgan, 3,6 sotix yer maydoniga va 109,1 kvadrat metr bino maydoniga ega hovli-joyning amaldagi kadastr qiymati 56,3 mln so‘m bo‘lgan. Ommaviy baholash natijasida bu obyekt 761,4 mln so‘mga baholangan. Farq 705,1 mln so‘mni yoki 13,5 baravarni tashkil etgan.
Eng katta tafovutlardan biri Yunusobod tumanidagi Islomobod mahallasida joylashgan hovli-joy misolida qayd etilgan. 3,9 sotix yer maydoni va 101,5 kvadrat metr bino maydoniga ega ushbu obyektning amaldagi kadastr qiymati 54,8 mln so‘m bo‘lgan. Ommaviy baholashda esa u 1 mlrd 973 mln so‘mga baholangan. Bu 1 mlrd 918,2 mln so‘mlik farq yoki 36 baravar degani.
Boshqa misollar ham katta tafovutni ko‘rsatdi

Taqdimotdagi jadvalga ko‘ra, ayrim boshqa hovli-joylar bo‘yicha ham sezilarli farqlar qayd etilgan. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ayrim obyektlarda qiymat 16,3 baravar va 21,7 baravar yuqori chiqqan.
Yana bir misolda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi obyektning amaldagi kadastr qiymati 101,5 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida u 3,9 mlrd so‘m deb baholangan. Bu holatda farq 3,8 mlrd so‘mni yoki 38,5 baravarni tashkil etgan.
Yangihayot va Bektemir tumanlaridagi ayrim obyektlarda esa tafovut 3,4 baravardan 13,5 baravargacha bo‘lgan.
Farqning asosiy sababi yer uchastkasi qiymati bilan izohlanmoqda
Taqdimotda qayd etilishicha, amaldagi kadastr qiymatida ko‘pincha yer uchastkasining narxi to‘liq aks etmaydi. Ommaviy baholashda esa hovli-joy yagona ko‘chmas mulk obyekti sifatida, ya’ni yer uchastkasi hamda undagi bino va inshootlar birgalikda baholanadi.
Shu sababli ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymatning katta qismini aynan yer uchastkasi narxi tashkil etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov ommaviy baholashdan maqsad soliq yukini mexanik ravishda oshirish emas, balki soliq tizimini yana adolatli qilish ekanini ta’kidlagandi.
«Buning uchun soliq stavkalarining aniq miqdori haqida baholash natijalari muhokama qilinib, obyektlar bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilib, uslubiyat takomillashtirilgandan keyin o‘zimizning fikrlarimizni, takliflarimizni kiritamiz», – deya ma’lum qildi Xaydarov.