
iPhone smartfonlarida yillar davomida paydo bo‘lgan ayrim dizayn va boshqaruv yechimlari dastlab foydalanuvchilarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. BGR nashri iPhone egalari tomonidan eng ko‘p tanqid qilingan xususiyatlarni jamladi.
Ro‘yxatdan Face ID, ekrandagi katta kesma – «monobrov», Home tugmasining yo‘qolishi, katta ekranlar va kamera blokining korpusdan chiqib turishi kabi o‘zgarishlar o‘rin olgan.
Katta ekranlar dastlab hammaga ham yoqmagan
BGR jurnalistlarining qayd etishicha, iPhone’larning kattalasha boshlashi ilk paytda ko‘plab foydalanuvchilarga ma’qul kelmagan.
O‘sha davrda 3-4 dyuymli ekran smartfonlar uchun optimal o‘lcham sifatida qaralgan. Shu sababli Apple katta displeyli iPhone’larga o‘ta boshlaganida kompaniya qarori tanqid qilingan.
Biroq vaqt o‘tishi bilan katta ekranlar smartfon bozorining deyarli umumiy standartiga aylandi. BGR mualliflari Apple’ning bu yo‘nalishdagi qarori oxir-oqibat to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlagan.

Home tugmasining yo‘qolishi ham norozilik uyg‘otgan
iPhone X’dan boshlab Apple fizik Home tugmasidan voz kechib, uning o‘rniga imo-ishoralar orqali boshqaruv tizimini joriy etdi.
Dastlab ayrim foydalanuvchilar yangi boshqaruv usulini noqulay deb hisoblagan. To‘liq ekranli iPhone’larga moslasha olmagan xaridorlar uchun Apple uzoq vaqt davomida fizik Home tugmasiga ega iPhone SE modellarini ham ishlab chiqardi.
Touch ID barmoq izi sensori ham ilk paytda tanqid qilingan funksiyalar qatorida bo‘lgan. Keyinchalik esa bu texnologiya iPhone foydalanuvchilari orasida odatiy va talab yuqori bo‘lgan imkoniyatlardan biriga aylangan.
«Monobrov» iPhone’ning eng bahsli dizaynlaridan bo‘ldi
iPhone X bilan birga taqdim etilgan ekranning yuqori qismidagi katta kesma ham foydalanuvchilarning keskin munosabatiga sabab bo‘lgan.
Mazkur qismda Face ID tizimi uchun zarur kameralar va sensorlar joylashtirilgan. Shunga qaramay, ekrandagi katta kesma dizayn jihatidan ko‘p yillar davomida iPhone’ning eng ko‘p tanqid qilingan elementlaridan biri bo‘lib qoldi.
Avvalroq «Kursiv» Apple iPhone X modelini eski qurilmalar ro‘yxatiga kiritgani haqida yozgan edi.