Andijonning Xo‘jaobod tumanida xalqaro logistika markazi quriladi

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida AQShlik hamkorlar bilan birgalikda xalqaro logistika markazi barpo etiladi. Bu haqda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ma’lum qildi.
Xo‘jaobod tumanida «Caravan Saray Rest Area» MChJ tomonidan quriladigan xalqaro logistika markaziga tamal toshi qo‘yildi. Loyiha AQShlik hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Markaz yuk tashish va saqlash xizmatlarini rivojlantiradi
Viloyat hokimining ta’kidlashicha, yangi logistika markazi nafaqat Xo‘jaobod tumani, balki butun Andijon viloyati iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Markaz orqali yuklarni tashish, saqlash va qayta ishlash xizmatlarini zamonaviylashtirish, shuningdek, hududning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda
Loyiha Andijon viloyatining xalqaro transport yo‘nalishlaridagi rolini kuchaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, markazning ishga tushirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va xorijiy hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonda logistika, turizm va farmatsevtika xususiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish uchun eng katta salohiyatga ega sohalar ekanini qayd etgandi.