Surxondaryoda elektr ta’minoti tez orada to‘liq tiklanadi — Energetika vazirligi

Surxondaryo viloyatida elektr ta’minoti 80 foizga tiklandi. O‘zbekistonning elektr uzilishi kuzatilgan boshqa hududlarida esa ta’minot to‘liq qayta yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Elektr ta’minotidagi uzilishlar 14-avgust kuni Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida yuz bergan nosozlik fonida kuzatildi. O‘zbekiston Energetika vazirligi hodisa qo‘shni mamlakat energetika tizimidagi avariya bilan bog‘liqligini bildirgan, biroq qaysi davlat haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Avariya soat 14:38 atrofida yuz berdi
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, soat 14:38 da qo‘shni mamlakat energetika tizimida sodir bo‘lgan avariya Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatgan. Natijada Surxondaryo viloyati va O‘zbekistonning ayrim boshqa hududlarida elektr energiyasi favqulodda uzilgan.
Dispetcherlik xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, tizimda bir necha bosqichli avariyaga qarshi avtomatika ishga tushgan. Shundan so‘ng mutaxassislar tarmoqlarga bosqichma-bosqich kuchlanish berib, elektr ta’minotini qayta tiklashga kirishgan.
Kaktus Media ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqtda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonning ayrim hududlarida ham elektr ta’minotida uzilishlar qayd etilgan. Jumladan, Olmaota va Olmaota viloyatining bir qator tumanlarida, Bishkekning turli qismlarida hamda Dushanbe va Tojikistonning boshqa hududlarida elektr bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.
Markaziy Osiyo energetika tizimi izolyatsiyalangan rejimga o‘tgan
Qozog‘iston elektr tarmoqlarini boshqaruvchi kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 14-avgust kuni soat 14:37 da 500 kV kuchlanishli bir nechta elektr uzatish liniyalarida texnologik nosozlik yuz bergan. Natijada Qozog‘iston yagona energetika tizimining janubiy qismi va Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi vaqtincha alohida ishlash rejimiga o‘tgan.
Qirg‘iziston Energetika vazirligi ham mamlakat energetika tizimi vaqtincha izolyatsiyalangan rejimda ishlaganini ma’lum qilgan. Energetiklar uskunalarni himoya qilish uchun avtomatik tizimlar belgilangan tartibda ishga tushganini bildirgan.
Boshqa hududlarda elektr to‘liq tiklandi
Energetika vazirligining soat 17:22 dagi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda uzilish kuzatilgan Surxondaryodan tashqari barcha hududlarda elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.
Surxondaryo viloyatida esa avvalroq ta’minotning 80 foizi qayta yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan. Vazirlik viloyatning qolgan hududlarida ham elektr energiyasini to‘liq tiklash ishlari yakunlanayotganini bildirdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri ayrim viloyatlarda «svet» o‘chgani haqida yozgandi.