Qozog‘iston Toktogul GESdagi uzilish Markaziy Osiyoga ta’sir qilganini ma’lum qildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bosh muharrir o‘rinbosari
KEGOC aniq sabablarini maxsus komissiya o‘rganayotganini bildirdi
Foto: Pexels.com

14-avgust kuni Markaziy Osiyoning bir qator hududlarida kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilishlar Qirg‘izistondagi Toktogul GESda ikkita gidrogeneratorning o‘chishidan keyin boshlangan. Qozog‘iston elektr tarmoqlarini boshqaruvchi KEGOC kompaniyasi nosozlik mintaqaning o‘zaro bog‘langan energetika tizimiga ta’sir qilganini ma’lum qildi.

Nosozlik Toktogul GESdan boshlangan

KEGOC ma’lumotiga ko‘ra, 14-avgust kuni soat 14:37 da Qirg‘izistondagi Toktogul GESning ikkita gidrogeneratori o‘chgan. Buning ortidan Qozog‘iston yagona elektr energetika tizimidagi Shimol – Sharq – Janub yo‘nalishida elektr uzatish hajmi keskin oshib, tarmoqda ortiqcha yuklama yuzaga kelgan.

Natijada Qozog‘iston energetika tizimining janubiy qismi mamlakatning yagona elektr tizimi hamda Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimidan vaqtincha ajralgan. Bu jarayon Qozog‘iston bilan birga mintaqaning boshqa davlatlaridagi elektr ta’minotiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Qozog‘istonda uzilishlar Olmaota, Jambil, Turkiston, Qizilo‘rda, Jetisu, Qarag‘anda, Ulitau va Abay viloyatlarida qayd etilgan. Elektr ta’minoti Qarag‘anda, Ulitau va Abay viloyatlarida soat 14:47 gacha, Olmaota va Jetisuda 16:26 gacha, Jambil, Turkiston va Qizilo‘rdada esa 16:34 ga kelib to‘liq tiklangan.

KEGOC texnologik buzilishning aniq sabablarini maxsus komissiya o‘rganayotganini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy Osiyo energetika tizimidagi nosozlik sabab O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr ta’minoti uzilgani haqida xabar bergan edi. Xususan, Surxondaryoda ta’minot vaqtincha cheklangan, keyinchalik elektr energiyasi bosqichma-bosqich qayta tiklangan.

Shuningdek