Indoneziyada kuchli zilzila: kamida 47 kishi halok bo‘ldi (yangilandi)

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bosh muharrir o‘rinbosari
Dastlab qurbonlar soni ancha kam ekani aytilgan edi
Foto: depositphotos.com

Indoneziyaning Sharqiy Nusa-Tenggara provinsiyasida 15-avgust kuni yuz bergan 7,7 magnitudali zilzila oqibatida kamida 47 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Qurbonlar soni

Indoneziya Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy agentligi – BNPB rahbari Suharyanto 15-avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida soat 15:00 WIB holatiga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 38 nafarga yetganini ma’lum qildi. Ikki kishi og‘ir, yana 11 kishi yengil tan jarohati olgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 47 kishiga yetdi.

Dastlab qurbonlar soni ancha kam ekani aytilgan edi. BNPBning ertalabgi rasmiy xabarida soat 08:00 WIB holatiga bir kishi halok bo‘lgani va to‘rt kishi jarohatlangani qayd etilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etishi va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlardan yangi ma’lumotlar kelishi bilan qurbonlar soni keskin oshgan.

Zilzila oqibatida ayrim yo‘llar ko‘chkilar sabab yopilgan, o‘nlab uylar turli darajada zarar ko‘rgan. Suharyantoning aytishicha, bir qator tibbiyot muassasalari ham shikastlangan, Maumere shahridagi shifoxonalardan biriga zarar yetgan.

Taxminan 2 ming kishi zilzila va dastlab e’lon qilingan sunami ogohlantirishi ortidan o‘z uylarini tark etgan. BNPB hududga favqulodda vaziyatlar bo‘yicha guruhlarni yuborgan, logistika va evakuatsiya ishlariga yordam berish uchun vertolyot ham ajratilgan.

Zilziladan keyin odamlar o‘z uylarini tark etmoqda / Foto: Arnold Welianto/AFP

Zilziladan keyin sunami haqida ogohlantirish

Zilzila ortidan sunami haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Qirg‘oqning o‘nta nuqtasida sunami to‘lqinlari qayd etildi. Biroq soat 07:30 da sunami haqida ogohlantirish bekor qilindi.

1992-yilda Flores hududida yuz bergan kuchli zilzila sunami keltirib chiqargan va oqibatda 2 mingdan ortiq kishilar halok bo‘lgan. 2018-yilda esa Sulavesi orolida 7,5 magnitudali zilzila ortidan sunami va yer qatlamining suyulishi yuz bergan. Ushbu tabiiy ofat oqibatida 4 mingdan ortiq kishilar halok bo‘lgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Indoneziyada 6,7 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi. O‘shanda zilzila epitsentri Palu shahridan 43 km janubi-sharqda, 10 km chuqurlikda qayd etilgan edi.

Shuningdek