438,7 mln so‘mlik noqonuniy tamaki savdosi aniqlandi

eʼlon qilindi
Tergov harakatlari olib borilmoqda
438,7 mln so‘mlik noqonuniy tamaki savdosi aniqlandi
Foto: Departament

O‘zbekistonning bir qator hududlarida qiymati 438,7 mln so‘mlik noqonuniy tamaki mahsulotlari aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Toshkentda 65,7 mln so‘mlik tamaki mahsulotlari olib qo‘yildi

Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir fuqaro Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Qori Niyoziy ko‘chasida joylashgan savdo do‘konida xorijda ishlab chiqarilgan aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotuvga qo‘ygani aniqlangan.

Do‘kondan 55 turdagi 2 668 quti tamaki mahsuloti olib qo‘yilgan. Ularning umumiy qiymati 65,7 mln so‘m deb baholangan.

Beshariqda 82,6 mln so‘mlik mahsulot saqlangan

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir fuqaro Chodaklik mahallasidagi xonadonida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan.

Xonadondan jami 2 500 quti «Zumerret» va «Esse Change» tamaki mahsulotlari topilgan. Ularning umumiy qiymati 82,6 mln so‘mni tashkil etgan.

Jizzaxda 1 970 quti aksizsiz sigaret topildi

Jizzax shahrining Ravalliq mahallasidagi xonadonda xorijda ishlab chiqarilgan olti turdagi 1 970 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari sotish maqsadida saqlab kelingani aniqlangan.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlarning umumiy qiymati 46,7 mln so‘m bo‘lgan. Ular ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Toshloqda do‘kon, Damas va xonadondan tamaki mahsulotlari topildi

Toshloq tumanida noqonuniy tamaki savdosi bilan shug‘ullangan shaxsga tegishli savdo do‘koni va Damas avtomobili ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv davomida xorijda ishlab chiqarilgan, sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 4 082 quti aksiz markasiz tamaki mahsuloti savdoga qo‘yilgani aniqlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxsning Do‘stlik mahallasidagi xonadonidan yana 1 940 quti tamaki mahsuloti olib qo‘yilgan. Ushbu mahsulotlarning qiymati Departament xabarida ko‘rsatilmagan.

Sergelida 120 mln so‘mlik nikotin mahsulotlari aniqlandi

Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarning birida bir fuqaro 1 230 dona «VELO» nikotin mahsulotini 120 mln so‘m evaziga boshqa shaxsga yetkazib bergani aniqlangan.

Mahsulotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Sergelidagi yana bir tadbirda bir guruh shaxslar 500 dona «VELO» mahsulotini 46 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Tekshiruvda ulardan umumiy qiymati 123,7 mln so‘mlik 500 dona «VELO» hamda besh turdagi 244 quti tamaki va nikotin mahsulotlari olib qo‘yilgan.

G‘ijduvonda tamaki va qalbaki aksizli alkogol topildi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida bir shaxs Tinchlik mahallasidagi xonadonida alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan.

Xonadondan 17 turdagi 313 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti hamda 470 quti tamaki mahsuloti olib qo‘yilgan. Ushbu mahsulotlarning umumiy qiymati ma’lum qilinmagan.

Mazkur holatlarning barchasi yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2,46 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanish aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek