Tramp AQSh va Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlarini qisqartirishni buyurdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Pentagon’ga Janubiy Koreya bilan o‘tkaziladigan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar ko‘lamini sezilarli darajada kamaytirishni buyurdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Uning fikricha, bunday mashqlar katta xarajat talab qilishi bilan birga, Shimoliy Koreyaga nisbatan «noo‘rin va dushmanona signal» yubormoqda. Bu haqda Deutsche Welle AP va Reuters ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Tramp mashg‘ulotlarni qisqartirishni buyurdi
Tramp Truth Social’dagi sahifasida AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasidagi yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti mashg‘ulotlarni to‘liq bekor qilish uchun vaqt kech bo‘lganini ta’kidlab, Pentagon rahbari Pit Hegsetga ularning ko‘lamini «sezilarli darajada kamaytirish»ni buyurganini yozdi.
Tramp, shuningdek, Janubiy Koreyaning AQShning Eron bilan bog‘liq harakatlariga qo‘shilmaganini eslatdi. Shu bilan birga, u Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan «juda yaxshi munosabatlarga» ega ekanini qayd etdi.
AQSh prezidenti Shimoliy Koreya so‘nggi davrda Vashingtonga nisbatan tahdidli harakatlar qilmayotgani va «hurmat bilan» munosabat bildirayotganini ham ta’kidladi.
Seul Trampning bayonotini o‘rganmoqda
Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘shma mashg‘ulotlar 17-avgust kuni avval rejalashtirilgan tartibda boshlangan.
Janubiy Koreya prezident ma’muriyati esa Trampning bayonotlarini o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Seul AQSh prezidentining Kim Chen In bilan yaxshi munosabatlari ikki davlat o‘rtasida muzokaralar qayta tiklanishiga va Koreya yarimorolida tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga yordam berishiga umid bildirdi.
Mashg‘ulotlarda 18 ming harbiy qatnashadi
AQSh va Janubiy Koreyaning «Ulchi Freedom Shield» nomli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari 27-avgustgacha davom etishi rejalashtirilgan.
Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, mashqlarga mamlakatning 18 mingga yaqin harbiy xizmatchilari jalb etiladi.
Mashg‘ulotlar doirasida dronlarga qarshi kurashish, GPS signallariga xalaqit berishga qarshi choralar, shuningdek, kiberhujumlardan himoyalanish bo‘yicha amaliyotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunda Shimoliy Koreyaning so‘nggi yillarda rivojlanayotgan harbiy imkoniyatlari hisobga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Tolibon» AQShni Afg‘onistonga qaytishga chaqirgani haqida yozgan edi.