Muddatli to‘lov xizmatlarida mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish majburiy bo‘ladi

O‘zbekistonda muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar mijozlarni axborot texnologiyalari orqali raqamli identifikatsiya va verifikatsiyadan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, ular mijozning qarz yukini hisobga olishi va kredit byurolari bilan ma’lumot almashishi shart etib belgilandi.
Muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yangi talablarga ko‘ra, ushbu bozorda ishlayotgan operatorlar Markaziy bankning tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha prudensial normativ hamda talablariga rioya qilishi lozim.
Mijozning qarz yuki ham hisobga olinadi
Muddatli to‘lov berish to‘g‘risida qaror qabul qilinayotganda mijozning qarz yuki ko‘rsatkichi ham inobatga olinadi.
Operatorlar Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qarz yukining eng yuqori miqdori bo‘yicha talablarga rioya qilishi shart bo‘ladi.
Ayrim tashkilotlar reyestrga kiritiladi
Chorak yakuniga ko‘ra, tovar, ish yoki xizmatlarni sotish aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan va bunda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi 50% yoki undan yuqori bo‘lgan tovar iste’mol krediti beruvchi tashkilotlar hisob ro‘yxatidan o‘tishi hamda tegishli reyestrga kiritilishi kerak.
Bunday tashkilotlarga ham muddatli to‘lov operatorlari uchun belgilangan talablar tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq muddatli to‘lov xizmatlari muddati 12 oydan oshmasligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, muddatli to‘lov asosida xarid qilinadigan tovar, ish yoki xizmat qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi, shartnoma muddati esa 12 oydan ko‘p bo‘lmasligi kerak.