Ronalduning oilasi uning Jorjina bilan to‘yini atigi 30 soniya oldin bilgan — OAV

17-avgust 2026 13:06 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Ronalduning oilasi uning Jorjina bilan to‘yini atigi 30 soniya oldin bilgan — OAV
Foto: X

Krishtianu Ronalduning onasi va aka-ukalari futbolchining Jorjina Rodriges bilan nikoh marosimi haqida deyarli tadbir boshlanishi arafasida xabar topgan bo‘lishi mumkin. Portugaliyalik teleboshlovchi Kristina Ferreyraning aytishicha, Ronalduning yaqinlari to‘y haqida «30 soniya oldin» bilgan yoki umuman oldindan xabardor qilinmagan. Bu haqda Marca yozdi.

Juftlik nikoh marosimini Portugaliyaning Kaskays shahridagi Quinta da Marinha hududida maksimal darajada yopiq tarzda o‘tkazgan. Tadbirga juda tor doiradagi mehmonlar taklif qilingan.

Marosimda faqat bolalar va guvohlar qatnashgan

Marca Portugaliyaning Jornal de Notícias nashriga tayanib yozishicha, Ronaldu va Rodrigesning nikohi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Marosimning maxfiyligini saqlash maqsadida mehmonlar soni keskin cheklangan. Tadbirda juftlikning besh farzandi hamda nikoh hujjatlarini imzolagan to‘rt nafar guvoh qatnashgani aytilmoqda.

Ronaldu va Jorjina keyinchalik nikoh qurganini Instagram’dagi qo‘shma post orqali tasdiqlagan.

Ronalduning onasi va aka-ukalari to‘yda bo‘lmagan

Nikohdan keyin asosiy muhokamalardan biri Ronalduning eng yaqin qarindoshlari marosimda ko‘rinmagani bo‘ldi.

Portugaliyaning TVI telekanalidagi «Dois às 10» dasturida boshlovchi Kristina Ferreyra Ronalduning onasi Dolores Aveyru va uning aka-ukalari to‘y haqida oldindan deyarli hech narsa bilmagan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Bu ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, chunki oila u yerda bo‘lmagan. Balki ular umuman bilmagan. Yoki bilgan bo‘lsa ham, 30 soniya oldin xabar topgan», – degan Ferreyra.

Uning bu so‘zlari Portugaliya va boshqa Yevropa OAVda Ronalduning oilasi bilan munosabatlari haqidagi yangi taxminlarga sabab bo‘ldi.

Oila ijtimoiy tarmoqlarda juftlikni qo‘llab-quvvatladi

Shunga qaramay, Ronalduning qarindoshlari omma oldida nikohga qarshi munosabat bildirmagan.

Marca ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining onasi Dolores Aveyru hamda singlisi Katiya Aveyru Ronaldu va Jorjinaning nikoh haqidagi postiga yurak emojilari bilan munosabat bildirgan.

Bu esa oilada jiddiy mojaro borligi haqidagi taxminlarni tasdiqlovchi ochiq dalillar hozircha yo‘qligini ko‘rsatadi.

TVI dasturining yana bir boshlovchisi Klaudio Ramos ham Ferreyraning bayonotlari ortidan vaziyatga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirgan va ijtimoiy tarmoqlardagi taxminlar oila a’zolariga zarar yetkazmasligiga umid bildirgan.

To‘y sanasi ham oiladan sir tutilgan bo‘lishi mumkin

OAV Ronalduning qarindoshlarining marosim kunidagi harakatlariga ham e’tibor qaratdi. Xabarlarga ko‘ra, futbolchining opa-singillaridan biri aynan shu vaqtda Madeyraga shaxsiy ishlari bilan borgan va do‘stlari bilan uchrashgan. Bu holat uning to‘yning aniq sanasidan bexabar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirgan.

Shu bilan birga, marosimning yopiq o‘tkazilishi oilaviy kelishmovchilikdan ko‘ra, to‘y haqida ma’lumotlarning OAV va paparatsilarga chiqib ketishining oldini olish maqsadida qilingan bo‘lishi ham mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jorjina Rodriges Ronaldu bilan to‘yida qanday libos tanlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek