«Tillo domor»da yiliga 100 milliard so‘mlik sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi «Tillo domor» korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasida sutni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
70 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqariladi
Mamlakatda chorvachilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hamda oziq-ovqat sanoatida qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xorazm viloyatida ham sut yetishtirish salohiyatidan samarali foydalanib, chorvachilikni ixtisoslashtirish va sutni sanoat usulida qayta ishlash bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
«Tillo domor» korxonasining umumiy qiymati $11 millionni tashkil etadi. Korxona yiliga qariyb 100 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq, kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Fermerlar uchun barqaror bozor
Korxona xomashyoni har kuni 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi va aholidan xarid qiladi. Bu chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi uchun barqaror sotuv bozorini yaratishga xizmat qilmoqda.

Korxonada hozir 120 ta ish o‘rni mavjud. Ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham o‘rnatilgan.
Kelgusida korxonada yana 100 ta yangi ish o‘rni yaratish va mahsulot turlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Qayta ishlash korxonalari soni oshmoqda
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 1 200 ga yaqin qayta ishlash korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Prezident mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifini Urganch xalqaro aeroportidagi ta’mirlash ishlari bilan tanishishdan boshlagani haqida yozgandi.