
Disney mashhur Zootopia («Hayvonlar shahri») animatsion franshizasining uchinchi qismi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Yangi film loyihasi Zootopia 2’ning katta muvaffaqiyatidan so‘ng ishga tushirilgan, deya xabar berdi Variety nashri.
Zootopia 2 rekord o‘rnatgan
2025-yilda namoyish etilgan Zootopia 2 dunyo prokatida $1,8 milliard daromad keltirib, Disney tarixidagi eng ko‘p daromad qilgan animatsion filmga aylangan.
Film premyerasi dastlabki dam olish kunidayoq katta natija qayd etib, o‘sha paytda animatsion filmlar orasidagi eng yirik global startlardan birini namoyish qilgan.
Jyudi va Nik qaytadi
Zootopia franshizasi 2016-yilda boshlangan. Birinchi filmda quyon-politsiyachi Jyudi Hops va tulki Nik Uayld qahramonlari tomoshabinlarga tanishtirilgan.
Zootopia 2’da esa Nik politsiya xizmatiga qo‘shilib, Jyudining hamkoriga aylanadi. Ular Zootopiyadagi sudralib yuruvchilarning sirli g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq ishni birgalikda tergov qiladi.
Uchinchi qismda yangi qahramonlar ham bo‘ladi
Zootopia 3 haqidagi xabar Disney’ning D23 muxlislar tadbirida e’lon qilindi. Tadbirda Jyudi Hops obraziga ovoz bergan Ginnifer Gudvin va yangi qismdagi ilon qahramoni Gari De’Snayk obraziga ovoz bergan Ke Huy Quan ishtirok etdi.
Ular uchinchi filmda quyon va ilon qaytishini tasdiqlagan.
Hozircha Zootopia 3’ning premyera sanasi va syujeti haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Hayvonlar shahri 2» animatsion filmlar orasida yangi rekord o‘rnatgani haqida yozgandi.