Qozog‘istonda 19 yoshli o‘zbekistonlik ayol vafot etdi

eʼlon qilindi
Ayolning 8 oylik farzandi ham bo‘lgan
Foto: Ulysmedia.kz

Qozog‘istonning Jambil viloyatida 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi vafoti yuzasidan tergov boshlandi. Qiz o‘limidan oldin dugonasiga turmush o‘rtog‘i bilan kelishmovchiliklar va ehtimoliy zo‘ravonlik haqida gapirgan. Bu haqda Qumash.kz xabar berdi.

Nashr xabariga ko‘ra, ayol qariyb ikki yil davomida eri bilan birga yashagan. U dugonasiga yuborgan yozishmalarida oilasidagi vaziyat haqida ma’lumot bergan.

Mojaro biskvit sabab boshlangan

Yozishmalarga ko‘ra, so‘nggi kelishmovchiliklardan biri farzandi uchun xarid qilingan biskvit sabab qaynonasi bilan yuzaga kelgan janjaldan keyin boshlangan.

Ayol erining onasi bilan qanday gaplashganidan norozi bo‘lganini, janjal vaqtida esa eri uni boshidan urganini aytgan. Qiz dugonasiga uydan ketib, ajrashish uchun ariza bermoqchi ekanini ham bildirgan. Keyinchalik yig‘ib qo‘ygan buyumlarining suratini yuborib, hali maoshini olmagani sabab 15 ming tenge qarz berishni so‘ragan.

Ko‘p o‘tmay uning vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Marhumaning 8 oylik farzandi qolgan.

Politsiya tergov boshladi

Jambil viloyati politsiyasi holat yuzasidan o‘z joniga qasd qilishga olib borish moddasi bo‘yicha tergov boshlagan. Tergovchilar voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlamoqda.

Shu bilan birga, ayolning yozishmalarida keltirilgan eri tomonidan ehtimoliy zo‘ravonlik haqidagi ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan. Tergov davomida oilaviy mojaro bilan qizning vafoti o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lgan-bo‘lmagani ham aniqlanadi.

Yakuniy xulosalar tergov ishlari tugaganidan keyin ma’lum qilinadi.

Avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida O‘zbekistonning voyaga yetmagan fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek