Xorazmda 176 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirildi

Xorazm viloyatida umumiy qiymati $176 million bo‘lgan 12 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Yana $7,4 milliardlik 15 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Investitsiyalar hajmi oshmoqda

So‘nggi to‘qqiz yil davomida Xorazm iqtisodiyotiga $7,5 milliard investitsiya kiritilib, 9,7 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan.
Shu davrda kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 33 trillion so‘mdan ortiq kredit ajratilgan. Natijada aholining real daromadlari ikki baravar oshgan, ishsizlik darajasi esa 4,5 foizgacha pasaygan.
Turizmda ham o‘sish kuzatilmoqda
Viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi to‘qqiz yilda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilgan. Mehmonxona fondi to‘rt baravar kengaygan.

Xorijiy sayyohlar oqimi ham sezilarli oshib, so‘nggi besh yilda ularning soni 10 karra ko‘paygan.
$7,4 milliardlik yangi loyihalar
Xiva shahridagi marosimda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida $176 millionlik 12 ta loyiha ishga tushirildi.
Ular orasida Tuproqqal’a tumanida $6 milliardlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi alohida o‘rin tutadi. Loyihaga Xitoyning Sinopec kompaniyasi ham jalb etilgan.
Yangi ishlab chiqarish va turizm obyektlari
Slovakiya hamkorlari bilan $170 millionlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 5 ming gektar qumli yer o‘zlashtiriladi.
Urganchda Yaponiya hamkorligida $30 millionlik, 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmuasi qurilmoqda.

Urganch tumanida esa Koreya investitsiyasi hisobidan chiqindilarni qayta ishlash va 71 megavatt «yashil» energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga $100 million investitsiya kiritiladi.
Xiva yaqinida 26 gektar maydonda $120 millionlik «Sahro yulduzi» turistik majmuasi, Urganch tumanida esa $26 millionlik mis sanoati klasteri va $60 millionlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.
6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi
Yangi loyihalar qatorida Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan universitet, mehmonxona, savdo va dam olish majmualari hamda Urganch shahrida «Investorlar uyi»ni qurish ham bor.
Umuman, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Prezident yangi loyihalarni ishga tushirib, qurilish ishlariga ramziy ravishda start berdi. Shuningdek, xorijiy investorlar va tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorazmda zamonaviy kasblarni o‘rgatuvchi Kasblar shaharchasi tashkil etilgani haqida yozgandi.