Xivada Ichan-qal’adagi turistik yuklamani kamaytiruvchi yangi shaharcha quriladi

Xiva shahrida tarixiy meros va zamonaviy turizm infratuzilmasini birlashtiruvchi yangi xalqaro turistik shaharcha tashkil etiladi. Bu bo‘yicha taqdimot prezidentga taqdim etildi.
Qadimiy shaharsozlik an’analari asosida
Majmua Xorazmning qadimiy shaharsozlik an’analarini zamonaviy me’moriy yechimlar bilan uyg‘unlashtirgan holda quriladi. Loyiha konsepsiyasida 1 511-yilda Xiva xonligining dastlabki poytaxti bo‘lgan qadimiy Vazir shahrining tuzilishi va ko‘chalar tarmog‘idan foydalanish rejalashtirilgan.
Mehmonxona, muzey va restoranlar bo‘ladi
12,3 gektar maydonni egallaydigan shaharchada mehmonxonalar, muzeylar, restoranlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etiladi.

Muzeylarda tarixiy hamda zamonaviy eksponatlar namoyish qilinadi. Restoranlarda esa milliy va xalqaro taomlar taklif etiladi.
Majmuaning katta qismi yashil hududlar va piyodalar sayr yo‘laklariga ajratiladi. Hududda sharsharali favvoralar va ichki ariqlar ham barpo etiladi.
Avtoturargohlarda quyosh panellari o‘rnatilgan maxsus soyabonlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ichan-qal’adagi yuklama kamayadi
Yangi turistik shaharcha Xivaga keladigan sayyohlar uchun qo‘shimcha yo‘nalish va xizmatlarni taqdim etish bilan birga, Ichan-qal’adagi turistik yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, loyiha doirasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining avtomobillar harakatidan xoli, qulay yashil dam olish hududlaridan foydalanishi uchun sharoit yaratish rejalashtirilgan.
Xorazmda sayyohlar oqimi oshmoqda
So‘nggi to‘qqiz yil davomida Xorazm viloyatida 280 ta mehmonxona va mehmon uyi barpo etilgan. Natijada mehmonxona fondi to‘rt baravar oshgan.
Viloyatda 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirilgan, xorijiy sayyohlar soni esa so‘nggi besh yilda 10 karra ko‘paygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorazmda 176 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilgani haqida yozgandi.