Xitoyda  2 mingdan ortiq gumanoid robot bellashadi

eʼlon qilindi
AQSh, Germaniya, Yaponiya va Braziliya ham musobaqada ishtirok etadigan davlatlar qatoridan joy olgan
Foto: Xitoy markaziy televideniyesi

Pekinda 22 – 26-avgust kunlari ikkinchi World Humanoid Robot Games musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Unda 16 mamlakatdan 2 056 ta gumanoid robot ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Musobaqaga jami 666 ta jamoa ro‘yxatdan o‘tgan. Bu 2025-yilda o‘tkazilgan ilk turnirdagi ko‘rsatkichdan to‘rt barobardan ko‘proq.

Ishtirokchilarning aksariyati Xitoydan

Musobaqadagi robotlarning asosiy qismini Xitoy vakillari tashkil qiladi. Jami 1 975 ta robot va 641 ta jamoa Xitoy nomidan qatnashadi. Ular 157 ta kompaniya hamda 200 ta ilmiy-tadqiqot tashkiloti va universitetga tegishli. AQSh, Germaniya, Yaponiya va Braziliya ham musobaqada ishtirok etadigan davlatlar qatoridan joy olgan.

Bu yil robotlarning avtonom ishlashiga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirilgan. Aksariyat yo‘nalishlarda masofadan boshqarish taqiqlanadi. Bundan tashqari, 100 metr masofani bosib o‘tish uchun ruxsat etilgan maksimal vaqt uch daqiqadan bir daqiqagacha qisqartirilgan.

51 ta yo‘nalishda bellashuvlar o‘tkaziladi

Besh kun davomida 51 ta yo‘nalish bo‘yicha 1 301 ta bahs tashkil etiladi. Dasturga stol tennisi, og‘ir atletika, uzunlikka sakrash va arqon tortish kabi yangi musobaqalar ham qo‘shilgan.

Robotlarning real ish sharoitlariga yaqin vazifalarni bajarishini sinovdan o‘tkazadigan yo‘nalishlar soni ham oltitadan 21 taga oshirilgan. Mashinalar mehmonxona, zavod, kutubxona va do‘kon kabi to‘qqiz xil muhitda turli topshiriqlarni bajaradi.

Ayrim bahslarda robotlarning mayda motorikasi ham sinovdan o‘tkaziladi. Jumladan, ular kabellarni ulash va turli asboblarni yig‘ish kabi vazifalarni bajarishi kerak bo‘ladi.

Pekin shahar iqtisodiyot va axborot texnologiyalari byurosi direktori Szyan Guanchjining ta’kidlashicha, bunday ko‘nikmalarni rivojlantirish robotlarning musobaqalardan real ish jarayonlariga o‘tishiga yordam beradi.

Robotlar real ishga qanchalik tayyor?

Musobaqa Xitoyda gumanoid robototexnika jadal rivojlanayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda. Shu yilning aprel oyida Pekin yarim marafonida Lightning nomli ikki oyoqli robot 50 daqiqa 26 soniyada masofani bosib o‘tgan.

Biroq ishlab chiqaruvchilar uchun asosiy vazifa robotni shunchaki muvozanatni saqlash yoki tez yurishga o‘rgatish emas. Muhimi, uning real sharoitda murakkab topshiriqlarni mustaqil bajara olishidir.

Pekindagi musobaqalar aynan shu jihatni sinovdan o‘tkazadi: robotlar asboblardan foydalana olishi, fazoviy fikrlashi va masofadan boshqarilmasdan vazifalarni bajara olishi kerak.

Avvalroq Janubiy Koreya va AQSh olimlari inson qo‘llari yoki boshqa birovning yordamisiz himoya kiyimini avtomatik ravishda kiyishga imkon beruvchi yangi robotni taqdim etgandi.

Shuningdek