Kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi
Foto: Pixabay

O‘zbekistonda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq bir nechta holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Mirobodda 1,2 ming dona vosita savdosi to‘xtatildi

Departamentning Mirobod tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi vositalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgani aytilayotgan fuqaro boshqa bir shaxsga xorijda ishlab chiqarilgan 1,2 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi vositani $1,2 mingga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Andijonda «Tropikamid» savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda shaxs 17 dona «Tropikamid» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini $400 va 1 mln so‘mga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Shahrixon tumanida o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda esa fuqaro 89 dona «Tropikamid»ni 25 mln so‘mga sotayotgan paytda qo‘lga olingan.

Tekshiruv davomida undan qo‘shimcha ravishda yana 44 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qashqadaryoda tez tibbiy yordam feldsheri ushlandi

Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Respublika tez tibbiy yordam markazining Kasbi tumani tez tibbiy yordam chaqiruv brigadasida feldsher bo‘lib ishlovchi shaxs 60 dona «Gabaten» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini boshqa bir fuqaroga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Mazkur dori vositalari ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

BYD Song salonidan 55 dona dori vositasi topildi

Departamentning Bektemir tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar «Sharq» YPX maskanida shubha ostiga olingan muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi BYD Song avtomobilini to‘xtatib tekshirgan.

Avtomobil salonidan 55 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilgan va ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Olmaliqda yana 40 dona vosita savdosi aniqlandi

Olmaliq shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro 40 dona kuchli ta’sir qiluvchi vositani boshqa bir shaxsga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Mazkur vositalar ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

Departament ma’lumotiga ko‘ra, barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 438,7 mln so‘mlik noqonuniy tamaki savdosi aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek