O‘zbekistonda korxonalar investitsiyasi 5 yilda 3 baravar oshdi

eʼlon qilindi
Sanoat hajmi 100 mln dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga yetgan
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda korxonalarning asosiy kapitalga yo‘naltirayotgan investitsiyalari so‘nggi besh yilda uch baravarga ko‘payib, 363 trln so‘mga yetdi. Bu haqda 18-avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o’tkazilgan VI ochiq muloqotida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Davlat rahbari tadbirkorlar bugun biznesni shunchaki boshlashdan kapitalni ko‘paytirish bosqichiga o‘tayotganini ta’kidladi.

100 mln dollarlik sanoatga ega tumanlar ko‘paydi

Sanoat hajmi 100 mln dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga yetgan.

Xizmatlar sohasida ham sezilarli o‘sish qayd etilgan. Xizmatlar hajmi 1 trln so‘mdan oshgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga ko‘paygan.

Bunga axborot texnologiyalari, fintech va boshqa servis yo‘nalishlarining rivojlanishi turtki bergan.

Xalqaro marketpleyslarda ishlayotgan korxonalar 3,5 mingtaga yetdi

Hozirda xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar soni 3,5 mingtani tashkil etmoqda.

Biznesini mahallada boshlagan va mamlakat bo‘ylab o‘nlab filiallar tashkil etgan tadbirkorlar soni 550 tadan oshgan. Milliy brend yaratgan tadbirkorlar esa 300 tadan ko‘paygan.

So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX va kaolin kabi xomashyolar taklifi ham kengaytirilgan. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda ishlab chiqarish hajmi oshgan.

Shuningdek, elektromobillar, polimer va maishiy kimyo, «yashil» energetika hamda zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllangan.

Prezident zamonaviy avtomobilsozlik loyihalari, jumladan, BYD, «ADM Jizzakh» va «Sirdaryo Asaka Motors» zavodlari sohaga yangi texnologiyalar va kompetensiyalar olib kirganini qayd etdi.

Avvalroq Xorazm viloyatida umumiy qiymati $176 million bo‘lgan 12 ta loyiha foydalanishga topshirilgani, yana $7,4 milliardlik 15 ta yangi loyiha qurilishiga start berilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek