O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yilda 8,5 foizga o‘sdi

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilning birinchi yarim yilligida 8,5 foizga o‘sdi. Shu davrda xalqaro reyting agentliklari mamlakatning suveren kredit reytingini ham yaxshiladi. Bu haqda 18-avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o’tkazilgan VI ochiq muloqotida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
«Fitch» va «Moody’s» O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirdi. Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida esa O‘zbekiston 31-o‘rinni egalladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu natijalar tadbirkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini ta’kidladi.
Xususiy biznes uchun $1 mlrdlik yangi bozor yaratildi
«Milliy sanoat zanjiri» orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trln so‘mlik buyurtmalar oldi.
Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ortiq yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qildi. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha $1 mlrdlik bozor yaratdi.
Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mgacha oshirildi.
Kafe va restoranlarga 100 mlrd so‘m QQS «keshbek» sifatida qaytarildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga «nol» stavka joriy etilishi natijasida esa 400 mlrd so‘m fermerlarda qoldi.
Savdo uchun yangi imkoniyatlar ochildi
Qozog‘istonda O‘zbekistondan olib kiriladigan 11 turdagi qurilish materiallariga import cheklovlari bekor qilindi.
Turkmaniston bilan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yildi. Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan esa yuzlab turdagi mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.
Avvalroq O‘zbekistonda korxonalarning asosiy kapitalga yo‘naltirayotgan investitsiyalari so‘nggi besh yilda uch baravarga ko‘payib, 363 trln so‘mga yetgani haqida xabar berilgandi.