O‘zbekistonda 10 ming korxona uchun sun’iy intellekt dasturi boshlanadi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda 10 ming korxona uchun sun’iy intellekt dasturi boshlanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda «10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor» dasturi ishga tushiriladi. Dastur doirasida korxonalarga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga yangi mahsulotlar yaratishda superkompyuter quvvatlaridan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Dasturning birinchi bosqichi uchun kamida $100 mln ajratilishi rejalashtirilgan.

Sun’iy intellekt joriy qilgan bizneslarda talab oshgan

Tahlillarga ko‘ra, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt yondashuvlarini joriy etgan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin oshgan.

Bunday korxonalarning 25 foizida mahsulot tannarxi pasaygan. Yana 40 foizida daromadning ko‘payishi hisobiga xodimlarning ish haqi 10 foizdan ko‘proqqa oshirilgan.

Mazkur natijalar sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarish va biznes boshqaruviga kengroq joriy etish uchun yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratishga asos bo‘lmoqda.

Korxonalarning xarajatlari yarmigacha qoplanadi

«10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor» dasturida ishtirok etuvchi korxonalarga AI yechimlarini joriy qilish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi qoplab beriladi.

Shuningdek, biznes vakillari foydalanishi mumkin bo‘lgan tayyor sun’iy intellekt dasturlari maxsus ochiq platformaga joylashtiriladi.

Bu tadbirkorlarga o‘z faoliyati uchun zarur SI vositalarini noldan ishlab chiqmasdan, tayyor yechimlardan foydalanish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.

Superkompyuterdan bepul foydalanish mumkin bo‘ladi

Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida mamlakatdagi birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirilgan. Kelasi yilda uning hisoblash quvvatini uch baravar oshirish rejalashtirilmoqda.

Yangi mahsulot yaratish uchun sun’iy intellekt modelini ishlab chiqayotgan tadbirkorlarga ushbu superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Bundan tashqari, bunday loyihalarning ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq xarajatlarini ham davlat budjeti hisobidan qoplash ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqichga kamida $100 mln ajratiladi

Yangi dasturning dastlabki bosqichi uchun kamida $100 mln yo‘naltiriladi.

Mablag‘lar korxonalarda sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish, yangi texnologik mahsulotlarni yaratish hamda tadqiqot ishlarini moliyalashtirishga sarflanishi rejalashtirilmoqda.

Tajriba yana uchta sanoat tarmog‘iga kengaytiriladi

To‘qimachilik sanoatida qo‘llanilgan avtomatlashtirilgan boshqaruv tajribasini boshqa tarmoqlarga ham yoyish rejalashtirilgan.

Xususan, ushbu yondashuv elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati korxonalarida ham tatbiq etiladi.

Mazkur tarmoqlardagi korxonalarga avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etishga ketadigan xarajatlarning 50 foizi qoplab beriladi.

Bu orqali ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va korxonalarning raqobatbardoshligini kuchaytirish maqsad qilingan.

Avvalroq «Kursiv» yangi tadbirkorlarga 200 mlngacha garovsiz kredit berilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek