Kichik biznes tekshiruvlariga uch yilga moratoriy e’lon qilindi

eʼlon qilindi
Cheklov inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlarga tatbiq etilmaydi
Kichik biznes tekshiruvlariga uch yilga moratoriy e’lon qilindi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda kichik biznes subyektlarini tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy qilinadi. Cheklov inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlarga tatbiq etilmaydi. Bu haqda prezident tadbirkorlar bilan muloqot davomida ma’lum qildi.

Davlat rahbari biznesga ma’muriy bosimni kamaytirish zarurligini ta’kidlab, iqtisodiyotni yashirin sektordan chiqarishda tekshiruvlarni ko‘paytirish emas, balki tadbirkorlarga to‘g‘ri ishlash yo‘lini ko‘rsatish muhimligini qayd etdi.

Yangi tartibga ko‘ra, kichik biznesda inson sog‘lig‘i yoki boshqa tadbirkorlarning manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshiruvga uch yil davomida moratoriy qo‘yiladi. Shu bilan birga, sog‘liq, xavfsizlik yoki boshqa tadbirkorlarning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar ushbu cheklovdan mustasno bo‘ladi.

Ayrim tadbirkorlar yiliga bir necha marta tekshirilgan

Prezident keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yil davomida ikki-uch marta soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.

Yana 21% tadbirkorda yil davomida to‘rt martadan soliq tekshiruvi bo‘lgan. Bunga yong‘in xavfsizligi, qurilish, sanitariya, karantin va energetika inspeksiyalarining tekshiruvlari ham qo‘shilgan.

«Iqtisodiyotni «soya»dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak», – dedi prezident.

Kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi

O‘rta va yirik biznes uchun ham tekshiruv tartibini yengillashtirish rejalashtirilgan. Agar tadbirkor korxonasini ixtiyoriy ravishda profilaktik auditdan o‘tkazsa, uning xulosasi soliq organlari tomonidan tan olinadi.

Audit davomida aniqlangan kamchiliklarni tadbirkor o‘z vaqtida bartaraf etsa, unga jarima qo‘llanilmaydi. Bundan tashqari, bir yil davomida takroriy tekshiruv o‘tkazish faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Soliq yuki 12 foizgacha kamaygan

Muloqotda qayd etilishicha, so‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizgacha kamaygan. So‘nggi o‘n yil ichida yashirin iqtisodiyot ulushi esa 50 foizdan 26 foizgacha tushgan.

«Xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi», – dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda eksportchilar uchun yangi yangilliklar joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Eksportning 60 foizi to‘g‘ri kelayotgan 20 ta davlat hamda eksport salohiyati yuqori bo‘lgan yana beshta mamlakatda «eksport elchilari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek