Oziq-ovqat eksporti uchun yagona «Salomatlik sertifikati» joriy etiladi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishda talab etiladigan veterinariya, sanitariya va fitosanitariya ruxsatnomalari o‘rniga yagona «Salomatlik sertifikati» beriladi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun litsenziya va ruxsatnomalarni olish tartibi soddalashtiriladi. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.
30 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi
Tez orada 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Yana 35 ta litsenziya va ruxsatnomani berish muddati ikki-uch baravar qisqartiriladi. 10 ta ruxsat esa xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.
Yangi litsenziya yoki ruxsatnoma joriy etilishidan oldin u uchta hududda olti oy davomida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkaziladi.
«Sukut — rozilik» tamoyili kengaytiriladi
Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foizi «sukut – rozilik» tamoyiliga o‘tkaziladi.
Ya’ni tadbirkorning arizasi belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan deb hisoblanadi.
Litsenziyani asossiz rad etish uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Litsenziya olish bo‘yicha ariza rad etilgan har bir holat Biznes-ombudsman tomonidan o‘rganiladi. Agar rad etish asossiz deb topilsa, mas’ullar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Shuningdek, tadbirkorlar mulkiga ijro hujjatlari asosida taqiq qo‘yish bilan bog‘liq e’tirozlar ko‘pligi qayd etildi. Bu masala bo‘yicha alohida uchrashuv o‘tkazilib, tizimli yechimlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlarga qo‘llanadigan barcha turdagi jarimalar ikki baravar kamaytirilishi haqida xabar berilgandi.