O‘zbekiston Rossiya bilan issiqlik ta’minoti bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Rossiya issiqlik ta’minoti sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, muzokaralarda uskunalarga servis xizmatini yo‘lga qo‘yish, texnik standartlarni muvofiqlashtirish va kelajakda ishlab chiqarishni O‘zbekistonda mahalliylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
«Issiqlik ta’minoti» AJ delegatsiyasi Rossiyaning «Antarus» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurdi. Tashrif O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida texnik seminar va davra suhbati o‘tkazilib, ikki tomonlama hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Issiqlik punktlari va energiya samaradorligi muhokama qilindi
Muzokaralarda blokli issiqlik punktlarining konstruktiv yechimlari, shuningdek, O‘zbekistonning SHNK va Rossiyaning SP-510 standartlari o‘rtasidagi farqlar muhokama qilindi. Alohida e’tibor energiya samaradorligi talablariga qaratildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi «Fortus» blokli issiqlik punktlari, «Antarus» nasos stansiyalari, «Amperus» avtomatika tizimlari va «Biogard» sig‘imli uskunalar ishlab chiqarish jarayoni bilan ham tanishdi.
O‘zbekistonda servis xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Tomonlar O‘zbekistonda uskunalarga uzoq muddatli servis xizmatini tashkil etishga kelishib oldi. «IngKomplex» kompaniyasi «ANTARUS»ning O‘zbekistondagi vakolatli hamkori sifatida tanishtirildi. U uskunalarni montaj qilish, ishga tushirish va sozlash hamda kafolatli xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirishi belgilandi.
Ishlab chiqarish Farg‘ona vodiysida mahalliylashtirilishi mumkin
«Antarus» O‘zbekistondan buyurtmalar hajmi oshgan taqdirda ishlab chiqarishni Farg‘ona vodiysidagi erkin iqtisodiy zonalardan birida mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Tashrif yakunida «Antarus» va «IngKomplex» o‘rtasida muzokaralar natijalari bo‘yicha memorandum imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangiyo‘l 1-oktabrgacha elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirilishi haqida xabar berilgandi.