Milliy sertifikat uchun maksimal ball berish tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda

O‘zbekistonda milliy sertifikatga ega abituriyentlarga maksimal ball berish tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan birgalikda amaldagi tartibning qanchalik to‘g‘ri ekanini, jumladan, bir o‘ringa yuqori ball to‘plagan abituriyentlar ko‘p jamlanishi bilan bog‘liq holatlarni tahlil qilmoqda.
Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Radjabov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, so‘nggi yillarda milliy sertifikat bilan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni sezilarli oshib bormoqda. Shu sababli sertifikat orqali maksimal ball berish mexanizmini kelajakdagi talabni hisobga olgan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Maksimal ball tizimi tahlil qilinmoqda
Radjabovning qayd etishicha, vazirlik va Bilim va malakalarni baholash agentligi hozirgi maksimal ball berish tizimini birgalikda ko‘rib chiqmoqda.
«Hozirgi kundagi maksimal ball berish tizimi qanchalik to‘g‘ri, ya’ni bitta joyga ko‘p talabalar, abituriyentlar tiqilib qolish masalasi va hokazo. Chunki bu yildan-yilga oshib boryapti», – dedi u.
Uning fikricha, bir necha yildan keyin milliy sertifikat asosida topshiradigan abituriyentlar soni oddiy test sinovida qatnashadiganlardan ham ko‘payishi mumkin. Shu sababli tizimdagi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar oldindan ishlab chiqilishi kerakligi ta’kidlandi.
Milliy sertifikat savollari testdan farq qiladi
Vazir o‘rinbosari milliy sertifikat imtihoni bilan oliy ta’limga kirish testlari bir xil emasligini ham tushuntirdi.
Kirish testlarida asosan yopiq savollar qo‘llansa, milliy sertifikat imtihonlarida ochiq savollar ham mavjud. Natijalar Rash modeli asosida hisoblanadi.
Radjabovning aytishicha, odatiy testda abituriyent bilmagan savolga tasodifiy javob belgilab ham ma’lum ball olishi mumkin. Milliy sertifikat imtihonida ochiq savollar mavjudligi sababli bunday holatlar kamroq uchraydi.
Sertifikat olayotgan abituriyentlar soni oshmoqda
Vazirlik Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan birgalikda milliy sertifikatga ega abituriyentlar sonining nima sababdan oshayotganini ham tahlil qilgan.
Radjabovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab o‘quvchilar maktabning so‘nggi yillaridayoq fanlar bo‘yicha bosqichma-bosqich milliy sertifikat olishga harakat qilmoqda.
U milliy sertifikatga talab oshayotganini ijobiy holat deb baholadi, biroq bu tendensiya oliy ta’limga qabul tizimida yangi mexanizmlarni ishlab chiqishni talab qilishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kirish test sinovlari bo‘yicha apellatsiya jarayoni boshlangani haqida xabar berilgandi. Abituriyentlar apellatsiya arizasini my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabineti orqali yuborishi mumkin. Arizalarni qabul qilish 15-avgustda boshlandi va 10 kun davom etadi.