Meta trln dollardan ortiq jarima to‘lashi mumkin

eʼlon qilindi
Da’vogarlar Meta foydalanuvchilarni platformalar yoshlar uchun xavfsiz ekani haqida chalg‘itganini ta’kidlamoqda
Foto: Fastcompany.com

AQShda Meta kompaniyasiga qarshi sud jarayoni boshlandi. 29 shtat koalitsiyasi kompaniyani Facebook va Instagram platformalarini bolalar hamda o‘smirlarni ushlab turish, reklama daromadlarini oshirish maqsadida qaramlikni kuchaytiradigan kontent ishlab chiqishda ayblamoqda. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Meta 1,4 trln dollargacha jarimaga tortilishi mumkin

Sud Kaliforniyaning Oklend shahridagi federal sudda 18-avgust kuni boshlandi. Jarayon taxminan besh hafta davom etishi kutilmoqda.

Ish AQShning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va federal ma’lumotlarni himoya qilish qonunlari buzilgani haqidagi da’volarga asoslangan. Har bir qoidabuzarlik uchun 20 ming dollargacha jarima belgilanishi mumkin.

Meta hisob-kitoblariga ko‘ra, kompaniya sudda yutqazsa, jami jarima 1,4 trln dollargacha yetishi mumkin. Bu kompaniyaning bozor qiymatiga yaqin miqdor.

Meta ayblovlarni rad etdi

Kompaniya vakillari shtat bosh prokurorlari foydalanuvchilarni chalg‘itish bo‘yicha yetarli dalil keltirmaganini bildirdi. Meta, shuningdek, da’vogarlar platformalarning ishlash tamoyili va dizayniga asossiz o‘zgartirishlar kiritishni hamda kompaniyadan haddan tashqari katta to‘lov undirishni talab qilayotganini ta’kidlamoqda.

Sud jarayoni ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlar ruhiy salomatligiga ta’siri yuzasidan xalqaro tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda. So‘nggi bir yil ichida Yevropaning ayrim mamlakatlarida voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Avvalroq AQShning Nyu-Meksiko sudi tomonidan Meta kompaniyasi $567 mln jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek