Toshkentda hayvonlarga tosh otgan erkakka 3 mln so‘mga yaqin jarima solindi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Hayvonot bog‘ida sher va jayralarga
Toshkent hayvonlarga tosh otgan erkakka 3 mln so‘mga yaqin jarima solindi
Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

Toshkent hayvonot bog‘ida sher va jayralarga tosh otgan fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilib, 2,9 million so‘m jarima to‘lashi belgilandi. Bu haqda hayvonot bog‘i matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea bolalari oldida sodir bo‘lgan

Hodisa 13-avgust kuni soat 18:30 atrofida yuz bergan. Hayvonot bog‘iga farzandlari bilan kelgan erkak hayvonlar saqlanadigan hududga tosh ota boshlagan.

Jayralar volyeri ochiq bo‘lgani sababli tashlangan toshlarning ayrimlari hayvonlarga tekkan. Erkakning xatti-harakatini uning farzandi ham takrorlagan.

Videodan so‘ng chora ko‘rildi

Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqaro bilan tushuntirish ishlarini olib borib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirdi.

Profilaktika inspektori qaroriga ko‘ra, erkakka 2,884 mln so‘m miqdorida jarima tayinlandi. Fuqaro qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, uzr so‘ragan.

Hayvonlarga munosabatda ehtiyotkorlik so‘raldi

Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati jonivorlar qonun himoyasida ekanini eslatdi.

Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz yoki nomaqbul munosabat holatlariga duch kelgan fuqarolardan bu haqda hayvonot bog‘ining +998 71 289 16 01 raqamiga xabar berish so‘raldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonda mushukni qurilish maydoniga uloqtirgan ikki yigit 4,12 mln so‘mdan jarimaga tortilgani haqida yozgandi.

Shuningdek